O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasining “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi sanoatining rivojlanish barqarorligini rag‘batlantirish, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning raqobatbardoshligi va innovatsion faolligini oshirish, mintaqaviy va xalqaro qo‘shilgan qiymat zanjirlariga ulanish hamda qulay investitsiya muhitini yaratish maqsadida 2023 yil 9 noyabrda Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Qozog‘iston Respublikasi Hukumatlari o‘rtasida “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi faoliyatini tartibga solish to‘g‘risidagi Bitim imzolangan edi.

Mazkur qarorga muvofiq, Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi 50 gektar sug‘oriladigan yer uchastkasi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkaziladi va ushbu yer uchastkasida “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi.

Markazning faoliyat ko‘rsatish muddati 30 yilni tashkil etadi va ushbu muddat keyinchalik qonunga muvofiq uzaytirilishi mumkin.

Markaz faoliyati davomida uning ishtirokchilariga erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari uchun belgilangan alohida soliq, bojxona imtiyozlari va boshqa preferensiyalar tatbiq etiladi.

Markaz hududiga sanoat korxonalarini ishlab chiqarish jarayoniga jalb etish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali sanoat kooperatsiyasi kengaytiriladi.

“Yagona darcha”, interaktiv mexanizmlarga asoslangan bojxona, sertifikatlashtirish, fitosanitariya, veterinariya, transport, bank va valyuta ayirboshlash, uyali aloqa, shuningdek, mijozlar uchun tibbiyot, mehmonxona, avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish hamda boshqa xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.

Markaz hududida faqat O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasida ishlab chiqarilgan mahsulotlar ishlab chiqarish sertifikati nazorati ostida realizatsiya qilinadi;

yuridik shaxslar tomonidan Markaz hududida ishlab chiqarish faoliyati O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq amalga oshiriladi;

O‘zbekistan Respublikasi hududida bo‘lgan xorijiy davlat fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar Markaz hududiga alohida nazorat o‘tkazish punkti orqali harakatlanish hujjatlari asosida o‘tadi va ularga faqat kirgan nazorat o‘tkazish punkti orqali ortga qaytishga ruxsat etiladi;

Markaz hududida shaxslar, transport vositalari va yuklar erkin harakatlanadi.

Qozog‘iston Respublikasi va ushbu davlat orqali tashrif buyuruvchi chet el fuqarolari uchun Markaz hududiga maxsus nazorat o‘tkazish punkti orqali vizasiz tartibda, shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan kirish, 15 kun mobaynida hududda bo‘lish va kirgan nazorat punkti orqali chiqish imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zA