2024-2025 o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari 2024 yil 14-25 iyul kunlari “Avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq, 73 ta katta sig‘imli binoda ochiq va xolis o‘tkazildi.

Jarayonni xavfsiz va betalafot o‘tkazish uchun 1 ming 578 nafar ichki ishlar, 833 nafar Milliy gvardiya, 314 nafar Yong‘in xavfsizligi va 233 nafar sog‘liqni saqlash tizimi xodimi jalb etildi.

AOKAda tashkil etilgan matbuot anjumanida Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori o‘rinbosari Farhod Mirzayev va agentlik mas’ullari test sinovlari yakunlari xususida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, test sinovlari shaffofligini ta’minlash maqsadida test sinovlari jarayonining onlayn translyatsiyasi televideniye orqali uzatildi va test2024.uz veb-saytida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritildi.

Abituriyentlarning ota-onalari hamda keng jamoatchilik uchun soya-salqin kutish joylari va yengil ovqatlanish shoxobchalari tashkil etildi va test jarayonini onlayn kuzatishlari uchun katta ekranlar o‘rnatildi. Jamoatchilik orasidan ochiq tanlov o‘tkazish orqali 3 000 nafarga yaqin guruh nazoratchisi, shuningdek, gapirish va eshitishda nuqsoni bo‘lgan abituriyentlarga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida 120 nafar surdotarjimon taklif etildi.

Test sinovlarining har kunlik natijalari Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-saytida sinov o‘tkazilgan kunning ertasiga e’lon qilib borildi. Hujjat topshirgan 805 ming 688 nafar abituriyentning 740 ming 352 nafari (91,9%) test sinovlarida ishtirok etdi, 65  ming 336 nafar (8,1 %) abituriyent turli sabablarga ko‘ra qatnashmadi.

Abituriyentlarning 210 nafari 189 va undan yuqori ball to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Yuqori ball to‘plashga erishgan abituriyentlarning aksariyati “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi bitiruvchilaridir.

Shuningdek, test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlarning 43 ming 677 nafari chet tili sertifikatiga ega bo‘lgan abituriyentlar bo‘lib, shundan 76 nafari maksimal (189) ball to‘plagan. Umumta’lim fanlaridan milliy sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar esa 13 ming 142 nafarni tashkil etgan holda, ulardan 118 nafari maksimal (189,0) ball olgan.

Ham umumta’lim fanlaridan milliy sertifikatga, ham chet tili sertifikatiga ega bo‘lgan abituriyentlar soni 4 ming 259 nafar bo‘lib, shundan 74 nafari maksimal (189,0) ball to‘plagan.

Test sinovlari davrida jami 159 nafar abituriyent tartib-qoidalarni buzgani sababli test sinovlaridan chetlashtirildi. Jumladan, 62 nafar abituriyent hududga kirish joyida va 97 nafar abituriyent imtihon jarayonida test sinovlari tartib-qoidalarini buzgani aniqlandi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA