«O‘zbekiston – 2030» strategiyasida 2030 yilga qadar iqtisodiyot hajmini ikki barobar oshirish va «daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar» qatoriga kirish ko‘zda tutilgan.
Bu jarayonda asosiy ishlab chiqaruvchi bo‘lgan tadbirkorlar qanday qo‘llab-quvvatlanmoqda? Bu haqda Biznes ombudsman Toshkent shahar sho‘’basi yetakchi inspektori Bahrom Bobomurodov quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Strategiyadagi milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari muhim o‘rin tutadi.
Buning uchun esa tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va huquqlarini himoya qilish zarur. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes ombudsman) instituti izchil faoliyat yuritmoqda.
Biznes ombudsmanga tadbirkorlarning xususiy mulkka doir huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha vakolat berildi.
Ya’ni, tuzilmamiz endilikda nafaqat yozma ogohlantirishlar, taqdimnomalar kiritish orqali, balki ma’muriy javobgarlik mexanizmini ishga solgan holda xususiy mulkka daxl qilish holatlariga qarshi kurashmoqda.
O‘tgan yilda tadbirkorlardan Biznes-ombudsmanga 8,6 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shuning 50 foizi bo‘yicha tadbirkorlarning huquqlari tiklandi.
Joriy yilda tadbirkorlar faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruvlar qonuniyligi monitoring qilinganda nazorat organlari tomonidan noqonuniy tekshiruvlar o‘tkazilgani, ayrim holatlarda tekshirish o‘tkazish tartibi buzilganligi aniqlangan.
Qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha 1 ming 303 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan, 70 nafar xodimga intizomiy jazo qo‘llanilgan.
Aytib o‘tish kerakki, yaqinda yurtimizda 20 avgust – Tadbirkorlar kuni nishonlanadi. Bu sana tadbirkorlarimiz uchun nafaqat bayram, balki muammolarini hal etish uchun ulkan imkoniyatlar eshigini xam ochmoqda.
Chunki Davlatimiz rahbarining sana munosabati bilan tadbirkorlar bilan uchrashib, ochiq muloqot qilishi an’ana tusini oldi.
Bunday uchrashuv ilk bor 2021 yil 20 avgustda tashkil etilgan edi. Davlatimiz rahbarining taklifi bilan mazkur sana mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” etib belgilandi.
2024 yil 30 mayda Davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan ochiq muloqotni yanada samarali o‘tkazish uchun “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Unda tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita o‘rganish, tadbirkorlikni kelgusida rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish bo‘yicha har yili o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini yuqori saviyada tashkil qilish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Shu maqsadda respublika komissiyasi tuzildi. Hududlarda tadbirkorlar muammolarini o‘rganish va hal qilish bo‘yicha ishchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ayni kunlarda tadbirkorlar murojaatlari va takliflarini tunu kun qabul qilish va umumlashtirish, tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, tadbirkorlarning alohida masalalarini joylarda tezkorlik bilan hal qilishni tashkil etish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Aytib o‘tish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2024 yildagi ochiq muloqoti Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkaziladi.
N.Abduraimova, O‘zA