Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida “O‘zbek kino kunlari” o‘tkazilmoqda.

Uning doirasida Kinematografiya agentligi buyurtmasi asosida Muzaffarxon Erkinov tomonidan suratga olingan “Abdulla Oripov” nomli badiiy filmning namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Kinematografiya sohasini muvofiqlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi Otabek Jo‘rayev, Kinematografiya sohasini rivojlantirish markazi direktori Furqat Usmonov, Kinematografiya sohasini rivojlantirish markazi xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sayyora Xudoyberdiyeva, kinoaktyor va rejissyor Samidxon Lutfullayevlar hamda  Qozog‘iston milliy kinoni qo‘llab-quvvatlash davlat markazining boshqaruv raisi Jumagali Qurmanbeklar o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Kinematografiya agentligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv davomida O‘zbekiston va Qozog‘iston kinoijodkorlari tomonidan hamkorlikda tasvirga olinishi rejalashtirilgan “Al Farobiy” badiiy filmi muhokama etildi.

Qolaversa, O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan qozog‘istonlik kinoijodkorlarni sentyabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan “Ipak yo‘li durdonasi” XVI Toshkent xalqaro kinofestivaliga taklif etilib, kelajakda har tomonlama hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.

N.Usmonova,  

O‘zA