Prezidentimiz Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda ayollar tadbirkorligini yangi bosqichga ko‘tarish va ularning bandligiga ko‘maklashish borasida qator vazifalar belgilab berdi.

Shu maqsadda 2024 yil 7 martda davlatimiz rahbarining “Xotin-qizlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun grant mablag‘larini (100 million dollar) jalb etish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda shu haqda gap bordi.

Tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda kichik biznes, xususiy va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilgani qayd etildi.

Yil boshidan 3,5 milliard dollarlik 3 ming loyiha ishga tushirildi. 76 ming yuqori daromadli doimiy ish o‘rni yaratildi. Tadbirkorlik uchun 82 trillion so‘mlik kredit va 15,5 trillion so‘mlik subsidiya berilib, 600 ming aholi biznesga jalb qilindi.

Xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini keng qo‘llab-quvvatlash maqsadida grantlar, texnik ko‘mak va boshqa tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘larini faol jalb etish, xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va jamg‘armalar bilan aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha dolzarb vazifalar ham muhokama qilindi.

Tadbirda vazirlik va idoralar, nodavlat tashkilotlar vakillariga grant olish yuzasidan takliflar tayyorlash va taqdim qilish tartibi haqida tushunchalar berildi.

Tashqi ishlar vazirligi va Investitsiyalar sanoat va savdo vazirligiga xorijdagi vakolatxonalar bilan birgalikda xalqaro donor tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va tayyorlangan takliflarni ularga yetkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Bunda Saudiya Arabistoni, Qatar, Yaponiya, Janubiy Koreya va Germaniya kabi davlatlarga alohida e’tibor qaratish kerakligi aytib o‘tildi.

Mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda 14 yo‘nalishda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga xalqaro moliya tashkilotlarining grant mablag‘larini jalb etish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqildi.

Manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan tayyorlangan jami 140,5 million dollarlik o‘zbek tilidagi 59 grant loyihasi konsepsiyalari bo‘yicha fikr va takliflar bildirildi.

N.Abduraimova, O‘zA