2022 yil 11 mayda “Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilingan.

Qarorga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlar baholashdan o‘tkazilmoqda.

Bu yil e-antikor.uz elektron platformasiga yuborilgan ma’lumotlar asosida 92 davlat tashkiloti uchun korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritalari tuzildi.

Ta’kidlash lozimki, davlat tashkilotlarining rahbarlari tashkilot zimmasiga yuklangan funksiyalarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholashni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish uchun shaxsan javobgar sanaladi.

Yangi tizim davlat tashkilotlariga yuklatilgan funksiyalarni amalga oshirishda mavjud bo‘lgan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash imkonini yaratdi. Ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish, bu bilan kelgusida ushbu tashkilotlarda sodir etilishi mumkin bo‘lgan shu yo‘nalishdagi jinoyatlarning oldini oluvchi tizim yaratildi.

Maqsad korrupsiyaviy xavf-xatar yuqori funksiyalari ko‘p bo‘lgan tashkilotni “korrupsiyalashgan” yoki xavf-xatari asosan past bo‘lgan tashkilotlarni “korrupsiyadan xoli” hisoblash emas, balki xavf haqida signal berish yoki ogohlikka chorlashdir.

Zero, aniqlanayotgan holatlar mazkur tashkilotlarda nazorat choralari yetarli yo‘lga qo‘yilgan yoki aksincha qo‘shimcha nazorat choralari ko‘rilishi kerakligini, shu bilan birga, tashkilot rahbarlari  korrupsiyaviy xavfi yuqori bo‘lgan jarayon (funksiya)lar va uni bajaruvchi lavozimlarni alohida nazoratga olishiga turtki beradi.

Misol uchun, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining korrupsiyaviy xavf-xatar yuqori funksiyalari bilan tanishib chiqsak. 2024 yilda vazirlikka yuklatilgan 134 funksiya baholashdan o‘tkazilgan. Baholash yakuniga ko‘ra, xavf-xatar darajasi 24 funksiyada – «yuqori», 74 funksiyada – «o‘rta» hamda 36 funksiyada – «past» darajada.

Hozirda vazirlik tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha dastur asosida mavjud xavf-xatarlarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Boshqa tashkilotlarda ham egallagan funksiyasiga qara faoliyatidagi kamchiliklarni bartaraf etish, korrupsiya xavfini keskin kamaytirish, hatto yo‘qotish imkoni mavjud.

N.Abduraimova, O‘zA