Mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar sayloviga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ayni paytda joriy yilning 27 oktyabrida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishtirok etishi uchun Markaziy saylov komissiyasi ijozat bergan beshta siyosiy partiya saylovchilar imzosini to‘plamoqda.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining barcha darajadagi tashkilotlari ham ushbu jarayonda faol ishtirok etmoqda. Partiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi, shahar va tuman tashkilotlarida saylovga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tashkil etilgan saylov shtablari saylovchilar imzolarini to‘plash ishlarini tizimli ravishda yo‘lga qo‘yib, imzo varaqalarini to‘ldirish tartibi va bu borada amal qilinishi lozim bo‘lgan jihatlar saylovchilarga tushuntirilmoqda.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan Nukus shahridagi Markaziy amfiteatrda tashkil etilgan imzo yig‘ish jarayonida 150 nafardan ortiq partiya a’zosi, mahalla vakillari va yoshlar “Milliy tiklanish” demokratik partiyasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlab imzo chekishdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.