Olimpiya o‘yinlarining ortda qolgan o‘n birinchi kungi sarhisobiga ko‘ra, 76 ta davlat vakillari to‘rt yillik kompleks musobaqalarning sovrindorlari qatoridan joy olishga muvaffaq bo‘lgan.

Yetakchilar qatorida hamon AQSH, Xitoy, Avstraliya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya jamoalari bormoqda.

AQSH sportchilari hozircha 24 ta oltin, 31 ta kumush, 31 ta bronza, jami 86 ta medal bilan 1-o‘rinda bormoqda. Okean orti vakillaridan keyingi pog‘onalardan joy olgan Xitoy olimpiyachilari 22 ta oltin, 21 ta kumush, 16 ta bronza, jami 53 ta medal bilan 2-o‘rindan, Avstraliya jamoasi 14 ta oltin, 12 ta kumush, 9 ta bronza bilan 3-o‘rindan joy olgan.

Ularni ta’qib etayotgan mezbonlar jamoasi Fransiya olimpiyachilari hisobida 13 ta oltin, 16 ta kumush va 19 ta bronza medali mavjud.

Davlatlar kesimida 38-qatorda borayotgan O‘zbekiston jamoasi 1 ta oltin va 2 ta bronza medaliga ega.

Yurtimiz bokschilarining 3 nafari finalga yo‘l olganini, 2 nafari yarim final ostonasida ekanini inobatga olsak, olimpiyachilarimizning umumiy medallar soni 8 taga yetadi.

Bu, O‘zbekistonning davlatlar qatoridagi o‘rni yanada yuksalishini anglatmoqda.

T.Ro‘ziyev, O‘zA