Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida “Mikromoliyalashtirish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Ushbu qonun loyihasi bilan mikromoliya tashkilotlari va tijorat banklari o‘rtasida “zanjir” yaratish, shuningdek, mikromoliya tashkilotlari uchun qo‘shimcha moliyaviy resurslar jalb qilish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish, mikromoliya tashkilotlarini mikromoliya banklariga va mikromoliya banklarini tijorat banklariga hamda aksincha, transformatsiya qilishning huquqiy asosi yaratilmoqda.

Shuningdek, qonun loyihasida mikromoliya banki tushunchasi, mikromoliya banki tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat turlari, mikromoliya banki ustav kapitalining eng kam miqdori, Markaziy bank tomonidan mikromoliya banki faoliyatini tartibga solish belgilanmoqda.

Qayd etilganidek, qonun loyihasi qabul qilinishi aholining tadbirkorlik tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanishiga, hududlarda mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish ko‘lamining oshishiga xizmat qiladi.

Qizg‘in munozaralardan so‘ng qonun loyihasi  qo‘llab-quvvatlandi.

M.Komilova, O‘zA