Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyati takomillashtirilib, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyati transformatsiya qilinadi.
Barcha ishlarni «aholi manfaatlariga xizmat qilish» tamoyili asosida yo‘lga qo‘yish, «Kuchli kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim» g‘oyasini hayotimizga tatbiq qilish maqsadida O‘zbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Bu borada Senat raisligida komissiya va har bir yo‘nalish bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etildi.
Senatda mahalliy kengashlar deputatlarining maqomi va faoliyatining asosiy kafolatlarini yanada kuchaytirish bo‘yicha ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda konsepsiya va uni amalga oshirish bo‘yicha dastur loyihasini ishlab chiqishda ishchi guruh a’zolariga berilgan qator vazifalar qizg‘in muhokama qilindi.
Jumladan, xalq deputatlari kengashlarining samarali faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilayotgan omil va sabablarni tahlil qilish, vakillik organlari faoliyatiga oid xorijiy tajribani o‘rganish va uning natijalaridan kelib chiqqan holda konsepsiya loyihasi yuzasidan ishchi guruh a’zolarining taklif va axborotlari tinglandi.
Majlis yakunida ishchi guruh a’zolariga ishlab chiqilgan loyihalarni har tomonlama, ya’ni ilmiy nazariya va tadqiqotlarga asoslangan, muvaffaqiyatli xorijiy amaliyotlarni hisobga olgan holda konseptual jihatidan yana bir bor chuqur ko‘rib chiqish lozimligi ta’kidlandi.
N.Abduraimova, O‘zA