Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Majlis kun tartibidan bir qator qonun loyihalari va parlament nazoratiga oid masalalar o‘rin olgan.

Majlisni kirish so‘zi bilan ochgan Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim voqeliklarga to‘xtaldi. Jumladan, yozgi Olimpiya o‘yinlarining dzyudo bahslarida oltin medalni qo‘lga kiritgan hamyurtimiz Diyora Keldiyorovaning yutug‘ini e’tirof etib, bundanda yuksak muvaffaqiyatlarga erishishini tiladi.

Shuningdek, mamlakatimizda start olgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari saylovi kampaniyasi haqida alohida to‘xtaldi:

– Ushbu saylov yurtimizda demokratik davlatchilikning yorqin namunasi, fuqarolarimizning saylash va saylanish, davlat organlarini demokratik tarzda shakllantirishda ishtirok etishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarishning muhim vositasidir. Shu nuqtayi nazardan, mazkur saylov nafaqat yurtimizda, balki jahon hamjamiyati tomonidan ham katta qiziqish bilan kuzatib borilishi shubhasiz.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya talablari asosida o‘tkazilayotgan bu galgi saylovlarning qator o‘ziga xos jihatlari bor. Xususan, mamlakatimiz tarixida ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlari aralash saylov tizimi – majoritar va proporsional tizim asosida o‘tkaziladi. Ya’ni, deputatlarning 75 nafari bevosita majoritar tizim asosida, qolgan 75 nafari esa proporsional tizim bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida saylanadi. Ikkinchidan, barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyati, ularning saylov jarayonlari ishtirokchilari bilan o‘zaro munosabatlari to‘liq raqamlashtirildi. Uchinchidan, saylov qonunchiligi ilg‘or demokratik standartlarga mos ravishda takomillashtirildi. Jumladan, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni ko‘rsatishda ayollarning ulushi kamida 40 foiz bo‘lishi belgilandi.

Oldimizda turgan ushbu muhim va yirik siyosiy tadbirda barchamiz munosib ishtirok etishimiz zarur. Siyosiy partiyalar bu borada allaqachon ishga kirishgan. Deputatlarimiz ham saylov okruglaridagi uchrashuvlarda, joylarda tashkil etiladigan tadbirlarda faol qatnashib, fuqarolarga, saylovchilarga mazkur saylovning ahamiyatini, saylov tizimiga joriy etilgan yangiliklarning mohiyatini yetkazgan holda tushuntirishi maqsadga muvofiq, – dedi Odiljon Tojiyev.

Shuningdek, Spiker o‘rinbosari 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan davlat rahbarining tabrigi, unda bildirilgan fikrlarga ham to‘xtalib o‘tdi. Xalq vakillari saylovchilar bilan uchrashuvlarda ushbu muhim sananing jamiyatimiz hayotida tutgan o‘rni va ahamiyatini aholiga yetkazishda faol bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA