O‘zsanoatqurilishbank tizimida mijozlarga xizmat ko‘rsatish va ish samaradorligini oshirish maqsadida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishga kirishildi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ilm-fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari inqilobining asosi bo‘lgan sun’iy intellektdan foydalanishni kengaytirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 17 fevrldagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida bu borada dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va joriy qilish uchun har tomonlama sharoitlar yaratildi.
Faol raqamli transformatsiya jarayonlari kechayotgan O‘zsanoatqurilishbank tizimida ham sun’iy intellektni o‘zlashtirish ishlari boshlab yuborildi.
Dastlabki bosqichda ushbu texnologiyalarni mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va ichki jarayonlarni optimallashtirish maqsadida qo‘llashga kirishildi.
Loyihaga ko‘ra, yangi dasturiy vositalar biznes jarayonlarga, jumladan, mijozlar so‘rovlarini ko‘rib chiqishni avtomatlashtirish, bank mahsulotlari bo‘yicha aniq tavsiyalar berish va ular bilan munosabatlarni optimallashtirishga xizmat qiladi. Shuningdek, ushbu mexanizm mijozlar xohish-ehtiyojlarini tezkor tahlil qilish va ularga individual xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydi.
Umuman, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bank biznes jarayonlarini yaxshilash yo‘lidagi yana bir muhim qadam va u davomlidir.
Bank Axborot xizmati