Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 10 iyuldagi № 447-G‘ farmoyishida aytiladi.

Hukumat farmoyishiga muvofiq:

2026 yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 38-xalqaro informatika olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaning tarkibi;

2026 yilda 38-xalqaro informatika olimpiadasini O‘zbekistonda tashkil etish va o‘tkazish, IT sohasida nufuzli xalqaro musobaqa va tanlovlarga yoshlarni tayyorlab borish hamda munosib ishtirokini ta’minlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Tashkiliy qo‘mitaning vazifasi quyidagilardan iborat bo‘ladi:

Olimpiadani mamlakatimizda tashkil etish va unga tayyorgarlik ko‘rishning bosh rejasini tuzish, zarur mutaxassis kadrlarni tayyorlash va ekspertlarni jalb etish hamda Olimpiada dasturi va logotipini ishlab chiqish hamda tasdiqlash ishlarini muvofiqlashtirish;

Olimpiadani yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlik qilish;

Olimpiadani tashkil etish va o‘tkazish uchun zarur mutaxassis kadrlarni tayyorlash hamda ekspertlarni jalb etish;

Olimpiadani o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha barcha masalalarni va yuzaga keladigan muammolarni tezkorlik bilan hal etish.

Farmoyishga ko‘ra, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi axborot texnologiyalari sohasida nufuzli xalqaro olimpiada, musobaqa hamda tanlovlarga iqtidorli yoshlarni jalb qilish, targ‘ib qilish va ular orasida ommalashtirish ishlarini tashkil etib boradi.

O‘zA