O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 iyul kuni Shusha shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining “Transport, o‘zaro bog‘liqlik va iqlim harakati orqali barqaror kelajakni bunyod etish” shiori ostidagi norasmiy sammitida ishtirok etdi.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev raisligida o‘tgan tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev va TDT Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim ham qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy sheriklikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida ushbu uchrashuv turkiy dunyoning madaniyat poytaxtlaridan biri bo‘lgan Shusha shahrida o‘tkazilayotganida chuqur ma’no mujassamligini ta’kidlab, Prezident Ilhom Aliyev rahbarligida Qorabog‘da olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini yuksak baholadi.
O‘tgan qisqa davrda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida 30 dan ortiq muhim yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli va keng qamrovli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani alohida ta’kidlandi.
– Ushbu sammitimiz global xavf va xatarlar ortib, o‘zaro ishonch inqirozi tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda o‘tmoqda. Bunday murakkab vaziyatda azaliy qardoshlik ruhidan kuch olayotgan aloqalarimizni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishni, umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishni davrning o‘zi taqozo etmoqda, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Turkiy davlatlar o‘rtasida ko‘p tomonlama va uzoq muddatli hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston yetakchisi qator ustuvor masalalarga e’tibor qaratdi.
Tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasida savdo hajmi barqaror o‘sayotgani va o‘tgan yilda 27 foizga oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bunday yuqori o‘sish sur’atlari joriy yilda ham kuzatilmoqda.
– Mamlakatlarimiz bugungi kunda dunyoning asosiy bozorlariga chiqish hamda Buyuk ipak yo‘lini yangi tarixiy sharoitda qayta tiklash uchun qattiq bel bog‘lagan, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Hamkorlikning huquqiy asoslari mustahkamlangani, raqamli tizimlar ishga tushirilgani natijasida Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi muttasil o‘sib borayotgani ta’kidlandi.
Biznes uchun eng ma’qul tariflarni joriy etish ushbu yo‘lakning raqobatdoshligi va jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, “Yagona oyna” tizimini yo‘lga qo‘yish, bojxona-chegara o‘tkazish punktlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash muhimligi qayd etildi.
O‘zbekiston Prezidenti yaqinda Toshkentda tashkil etilgan Turkiy davlatlar logistika markazlari va yuk tashuvchilari alyansini TDTning transport sohasidagi kun tartibini shakllantirish va ustuvor vazifalarini amalga oshirishga keng jalb etish maqsadga muvofiqligini ko‘rsatib o‘tdi.
Tashkilot doirasida Temir yo‘l ma’muriyatlari kengashini tuzish va uning direksiyasini Toshkent shahrida joylashtirish tashabbusi ilgari surildi.
Joriy yil kuzda bo‘ladigan navbatdagi sammitga qadar xalqaro koridorlar imkoniyatlaridan yanada unumli foydalanish va avtotashuvlarni to‘liq raqamlashtirish, “yashil” yo‘laklar yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha savdo va transport vazirlariga topshiriq berish taklif etildi.
Mamlakatimiz yetakchisi iqlim o‘zgarishiga qarshi birgalikda kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Mavjud muammolarni tizimli hal etish uchun Turkiy ekologiya kengashini tuzish va uning bosh qarorgohini ekologik ofatdan eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud – Orolbo‘yidagi yirik shahar Nukusda joylashtirish taklif qilindi.
Davlatimiz rahbari turkiy dunyo bugungi kunda iqlim bo‘yicha xalqaro hamkorlikda o‘zining baland ovoziga ega bo‘lib borayotganini ta’kidladi.
Shu ma’noda, joriy yilning noyabr oyida Bokuda o‘tkaziladigan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim sammiti (COP–29) TDT mamlakatlari uchun ulkan tarixiy voqea bo‘lishiga ishonch bildirildi.
Muqobil energiya manbalarini rivojlantirish ahamiyati haqida so‘z yuritar ekan, davlatimiz rahbari O‘zbekiston 2030 yilgacha qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarining energetika balansidagi ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilganini ma’lum qildi.
Xususan, xorijiy sheriklar bilan birga yiliga 2 gigavatt quvvatdagi yangi shamol va quyosh elektr stansiyalari ishga tushirilmoqda.
– Qo‘shni Qirg‘izistonda gidroelektr stansiyalarini Qozog‘iston bilan birgalikda qurish ishlarini ham boshlayapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu boradagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida “Yashil energetika sari turkiy harakat” konsepsiyasini qabul qilish taklif etildi.
Davlatimiz rahbari turkiy dunyo umumbashariy sivilizatsiya rivojiga mislsiz hissa qo‘shganini ta’kidladi.
– Nomlarini jahon ahli yaxshi biladigan ulug‘ alloma va ulamolarimiz ikkita buyuk Renessansga asos solishgan. Bu azal-azaldan xalqlarimiz hayotida inson kapitali naqadar yuqori bo‘lganidan darak beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu munosabat bilan zamonaviy “bilimlar iqtisodiyoti”ni qurish, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish uchun raqamli texnologiyalar, blok-cheyn, bulutli, kvant hisoblash texnologiyalari, robototexnika, “to‘rtinchi sanoat” kadrlarini tayyorlash sohalarida hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Buning uchun Turkiy davlatlar tashkilotining Inson kapitalini rivojlantirish ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Shuningdek, Prezidentimiz tashkilot shafeligida aniq fanlar bo‘yicha Yoshlar turkiy olimpiadasi va Butunjahon turkshunoslar kongressini kelgusi yili O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif etdi.
Davlatimiz rahbari yig‘ilganlar e’tiborini G‘azo sektorida murakkab vaziyat yuzaga kelib, qonli urush 40 mingga yaqin aholi, ayniqsa, ayollar va bolalar hayotiga zomin bo‘lganiga qaratdi. Tomonlarni zo‘ravonliklarni zudlik bilan to‘xtatishga, tinchlik jarayonlarini tezroq boshlashga chaqirdi.
Mustaqil va ozod Falastin davlatining tashkil etilishi Yaqin Sharqda strategik barqarorlik va tinchlikni ta’minlashning eng asosiy sharti ekani qayd etildi.
Mamlakatimiz yetakchisi ko‘p millionli turkiy xalqlar istiqomat qilayotgan Afg‘onistondagi vaziyatga to‘xtalar ekan, ushbu masala bo‘yicha tashkilot a’zolarining umumiy va yakdil yondashuvlarini ishlab chiqish muhimligini alohida ta’kidladi.
– O‘zbekiston afg‘on xalqiga zarur yordam ko‘rsatishni bundan buyon ham davom ettiradi. Afg‘onistonning xorijdagi “muzlatilgan” moliyaviy aktivlarini qaytarish mamlakatdagi ijtimoiy vaziyatni yumshatishga xizmat qilishiga ishonamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Sammit yakunida Qorabog‘ deklaratsiyasi hamda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qator kelishuvlar qabul qilindi.