Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi vakillari Nukus shahridagi “KARAKALPAK BASALTWOOL” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib, bazalt mineralidan issiqlik saqlovchi materiallar ishlab chiqarish loyihasi bilan yaqindan tanishdi.
Umumiy qiymati 52,8 million AQSH dollariga teng bo‘lgan mazkur loyihaning amalga oshirilishi uchun 4,95 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, bugungi kunda korxonaning qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. O‘ziga xos noyob bazalt mineralidan issiqlik saqlovchi materiallar ishlab chiqaruvchi korxonaning ishga tushirilishi 250 nafar mahalliy aholini doimiy ish o‘rni bilan ta’minlaydi. Yiliga 40 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladigan mazkur loyiha ishga tushirilgach, 55 foiz mahsulotning eksportga yo‘naltirilishi ham rejalashtirilgan. Kelgusida mazkur korxona eksport salohiyatining barqarorligiga erishish maqsadida Bojxona qo‘mitasi tomonidan joriy etilgan “Eksport 3 qadamda” tizimi imkoniyati tadbirkorlik sub’ektiga keng tushuntirildi.
Ta’kidlash joizki, mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 2024 yilning o‘tgan davrida qiymati 36,3 million AQSH dollariga teng bo‘lgan texnologik uskuna olib kelingan. Mazkur uskunalarga bojxona to‘lovlaridan 55 milliard so‘m miqdorida imtiyoz qo‘llanildi.
Bu kabi investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi aholi farovonligi yo‘lida xizmat qilib, davlatimiz eksport salohiyatining ortishiga zamin yaratadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri