Germaniyada o‘tayotgan futbol bo‘yicha Yevropa chempionatida birinchi tur o‘yinlari yakunlandi. Ushbu turning so‘nggi o‘yinlarida Turkiya 3:1 hisobida Gruziyani taslim qilgan bo‘lsa, Portugaliya va Chexiya terma jamoalari o‘yini 2:1 hisobida yakunlandi.

Xo‘sh, ushbu turdan so‘ng guruhlardagi vaziyat qanday ko‘rinish oldi?

“A” guruhida Germaniya va Shveysariya ilk turda g‘alaba qozonib, 3 ochko jamg‘argan holda birinchi hamda ikkinchi o‘rindan joy oldi. Vengriya va Shotlandiya esa 3-4 o‘rinlarni egalladi.

“B” guruhida kutilganidek, Ispaniya va Italiya terma jamoalari g‘alaba qozongan holda yetakchiga aylanib oldi. Shuningdek, “o‘lim” guruhida Albaniya uchinchi, Xorvatiya to‘rtinchi pog‘onalarda bormoqda.

Angliya “C” guruhida Serbiyani yenggan holda yaqqol karvonboshiga aylandi. Sloveniya va Daniya termalari durang qayd etgan holda 1 ochkoni qo‘lga kiritib, ikkinchi hamda uchinchi o‘rinda qoldi.

Yevropa chempionatining “D” guruhida ham favoritlar kutilganidek 3 ochkoga ega chiqdi. Aniqrog‘i, Niderlandiya terma jamoasi Polsha, Fransiya termasi esa Avstriya ustidan g‘alaba qozondi.

“Yevro-2024”ning “E” guruhida ilk turdanoq kutilmagan sensatsiyalar qayd etildi. Ruminiya Ukraina terma jamoasi darvozasiga javobsiz 3 ta gol kiritgan bo‘lsa, kutilmaganda Belgiya 0:1 hisobida Slovakiyaga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shu tariqa Ruminiya va Slovakiya guruhda birinchi hamda ikkinchi, Belgiya va Ukraina 3-4 pog‘onalarni zabt etdi.

Musobaqaning so‘nggi “F” guruhida Turkiya va Portugaliya ikkinchi turni 3 ochko bilan boshlaydigan bo‘ldi. Chexiya bilan Gruziyada esa ochko yo‘q.

Bugun, 19 iyun kuni “A” guruhida Germaniya – Vengriya (21:00), Shotlandiya – Shveysariya (00:00), “B” guruhida esa Xorvatiya – Albaniya (18:00) terma jamoalari o‘rtasida ikkinchi tur o‘yinlari o‘tkaziladi.

 Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA