O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida start oladigan U15 yosh toifasida O‘zbekiston birinchiligi hamda 20 iyun kuni boshlanadigan U17 toifasidagi Markaziy Osiyo ochiq chempionatining faxriy mehmonlari qatorida Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) prezidenti Muhammad Jalud, shuningdek Markaziy Osiyo og‘ir atletika milliy federatsiyalarining rahbarlari ishtirok etadi.
Bu haqda O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, ertaga 19 iyun kuni boshlanadigan kichik o‘smirlar o‘rtasidagi O‘zbekiston birinchiligi hamda 20 iyundan boshlanadigan Markaziy Osiyo chempionatini yuqori darajada tashkil etish borasida Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, mamlakat og‘ir atletika federatsiyasi va hamkor tashkilotlar tomonidan zarur ishlar olib borildi.
Bugun, 18 iyun kuni mazkur musobaqalar oldidan tegishli komissiyalarning yig‘ilishlari tashkil etildi.
Eslatib o‘tamiz, kichik o‘smirlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatida yurtimizning har bir viloyatidan yuz nafarga yaqin yosh sportchilar bahslarda ishtirok etsa, Markaziy Osiyo chempionatida 5 ta mamlakatning 150 nafarga yaqin umidli og‘ir atletikachilari medallar uchun kurashlarda qatnashadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA