Germaniyaning turli shaharlarida futbol bo‘yicha Yevropa chempionatining guruh bosqichlari davom etmoqda.

Jumladan, «D» guruhidan o‘rin olgan Polsha – Niderlandiya o‘yini 1:2 hisobida yakunlandi.

«Volkspark» stadionida o‘tgan mazkur o‘yinning 16-daqiqasida Adam Buksa gol urib, Polsha termasini oldinga olib chiqdi. Oradan 13 daqiqa o‘tib, Kodi Gakponing raqib darvozasi tomon tepgan to‘pi himoyachilarga tegib, golga aylandi. Shu tariqa, jamoalar birinchi bo‘limni 1:1 hisobida yakunladi. Ikkinchi bo‘limning 83-daqiqasida Vaut Vegxorst Niderlandiyaning ikkinchi goliga mualliflik qildi va jamoasiga 3 ochko taqdim etdi.

Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, Vaut Vegxorst 81-daqiqada maydonga tushdi va 2 daqiqa 18 soniyadan so‘ng gol urdi. Buning natijasida u Niderlandiya terma jamoasining Yevrolar tarixida zaxiradan maydonga tushib, eng tezkor gol urgan futbolchisiga aylandi.

Bu g‘alaba orqali Niderlandiya muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi va hozircha guruh peshqadami bo‘lib oldi.

«C» guruhida tashkil etilgan Sloveniya – Daniya terma jamoalari bahsida 1:1 hisobi qayd etildi. Bu natija esa chempionatdagi ilk durang sifatida tarix zarvaraqlaridan o‘rin oldi.

Bahsning 17-daqiqasida daniyalik Kristian Eriksen hisobni ochgan bo‘lsa, 77-daqiqada Erik Janza gol urib hisobni tenglashtirdi. Shu tariqa «MHPArena»da o‘tgan bu o‘yinda Sloveniya va Daniya termalari 1 ochkoni qo‘lga kiritdi.

Ushbu guruh favoriti hisoblangan Angliya Serbiyaga qarshi o‘yinda Jud Bellingemning yagona goli evaziga kichik hisobda g‘alaba qozondi.

Shu tariqa, «S» guruhida Angliya 3 ochko bilan birinchi o‘ringa ko‘tarilib olgan bo‘lsa, Daniya va Sloveniya 1 ochko bilan ikkinchi hamda uchinchi pog‘onaga joylashdi. Serbiya esa mag‘lubiyatga uchrab guruhning so‘nggi o‘rnida qolmoqda.

Bugun, 17 iyun kuni «E» guruhida Ruminiya – Ukraina, Belgiya – Slovakiya, «D» guruhida Avstriya – Fransiya terma jamoalari bahsiga guvoh bo‘lamiz.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA