Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) boshqaruvi kengashi qabul qilgan rezolyutsiyada Tehron tashkilot bilan yetarli darajada hamkorlik qilmayotgani ta’kidlangan edi. Bunga javoban, Eron Natanze va Fordo yadroviy ob’ektlarida qator chora-tadbirlar amalga oshirgan.

Mehr” agentligi yozishicha, ayni qadam Yevropaning uch mamlakati – Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiyaning “noxolis harakati”ga qarshi javob. Tehron ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan mazkur rezolyutsiya loyihasi siyosiylashtirilgani va qarama-qarshilikni kuchaytirishinita’kidlagan.

***

Joriy hafta Isroil armiyasi bosh shtabi rahbari Xalevm Bahraynda arab mamlakatlari rasmiylari bilan uchrashdi, deb yozdi “Axios” nashri. Tomonlar mintaqaviy xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik masalasini muhokama qilgan. Ta’kidlanishicha, AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) rahbari Maykl Kurilla shafeligida o‘tgan tadbirda Bahrayn, BAA, Saudiya Arabistoni, Iordaniya va Misrdan yuqori lavozimli generallar ishtirok etgan.

***

Toki, Lukashenko Prezident ekan, Armanistonning biror rasmiy vakili Belarusga bormaydi, deya bayonot berdi Bosh vazir Nikol Pashinyan parlament yig‘ilishida.

Lukashenkoning 15-17 may kunlari Ozarbayjonga amalga oshirgan davlat tashrifi dasturidan Qorabog‘ safari ham o‘rin olgan edi.

Hukumat rahbari ushbu yig‘ilishda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan chiqish rasmiy Armanistonning navbatdagi qadami bo‘lishini ham ta’kidladi:

– Keyingi mantiqiy qadam KXSHTdan chiqish. Bu voqea bir oy, bir yil yoki uch yil ichida sodir bo‘lishini hal qilamiz.

***

10 iyundan buyon Siston va Belujiston viloyatlarida amalga oshirilgan harbiy amaliyot natijasida Eron huquq-tartibot idoralari jinoiy tashkilotlarning 3 078 nafar a’zosini hibsga olgan. Bu haqda hudud politsiyasi rahbari Jaliliyon ma’lum qildi.

Erondagi eng yirik qarshilik o‘chog‘i hisoblanadigan bu ikki mintaqada tez-tez hukumatga qarshi namoyish, huquqni muhofaza qilish tizimi xodimlari bilan to‘qnashuv bo‘lib turadi.

***

Yevropa Ittifoqning sakkiz mamlakati tashqi ishlar vazirlari Rossiyaga qarshi qo‘llanayotgan navbatdagi sanksiya to‘plami doirasida RF diplomatlarining ko‘hna qit’a bo‘ylab harakatiga cheklov joriy qilishni talab qilgan. “Politico” nashri YeI tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Xosep Borrelga yo‘llangan maktubga tayanib, shu haqda xabar tarqatdi.

***

Agar Donald Tramp noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovida g‘alaba qozonsa, Pekin va Vashington o‘rtasidagi munosabat yomonlashishi mumkin. Xitoy Xalq Respublikasi siyosiy maslahatlashuv kengashi a’zosi, Pekin universiteti qoshidagi xalqaro munosabatlar maktabi professori Szya Singo “Bloomberg” agentligiga bergan intervyusida shu fikrni bildirdi.

***

Italiyadagi sammitdan so‘ng G7 yetakchilari Ukrainaga, asosan, havo hujumidan mudofaa sohasida harbiy yordam ko‘rsatishga zo‘r berishi kutilyapti. Yaponiyaning “Nikkei” gazetasi tegishli manbalarga tayanib, shunday yozdi. 15 iyungacha davom etadigan bu galgi anjumanga Italiya raislik qilmoqda. Uchrashuvning asosiy mavzulari Ukraina, Yaqin Sharqdagi vaziyat va migratsiya. Yaponiya tomoni Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi vaziyatga ham e’tibor qaratish niyatida.

***

“Hizbulloh” ixtiyorida Isroilga strategik xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan 1 milliondan ortiq turli rusmdagi raketa mavjud, deb yozdi “Foreign Policy” Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusidagi manbalariga tayanib. Tashkilot zaxirasida yuqori aniqlikdagi boshqariladigan raketa, o‘ta takomillashtirilgan va o‘z-o‘zidan portlovchi, uchuvchisiz qurilmalar mavjud. Xabarda aytilishicha, Hizbulloh uyushtirmoqchi bo‘lgan keng ko‘lamli aniq hujumlar mudofaa zavodlari, Temir gumbaz hamda Davids Sling kabi havo mudofaa tizimiga qaratilishi mumkin.

S.Rahimov,

O‘zA