Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi Ichki ishlar bo‘limlari xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini muomalaga kiritilishining oldi olindi.

“Sanoat” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida harakatlanib kelayotgan “Nexia-3” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda fuqaro L.M. qo‘lbola usulida tayyorlangan “Qaratau” nomli jami  720 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotini ushbu tumanda sotish maqsadida olib kelayotganligi aniqlanib, mahsulot ashyoviy dalil sifatida olindi.

Fuqarolar A.A. va K.R. noqonuniy daromad orttirish maqsadida Xo‘jayli tumani markazida qo‘lbola usulda tayyorlangan “Qaratau” nomli jami 552 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotini fuqaro S.A.ga 6 million so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Fuqaro A.T. esa “Chimboy dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati hududidagi savdo do‘konida fuqaro B.A.ga qalbaki aksiz markali 120 dona “Qaratao‘” nomli alkogol mahsulotini 3,4 million so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, undan jami 501 dona alkogol mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olindi.

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri