Koreya kompaniyalarining O‘zbekiston texnologiyalar bozoriga qiziqishi ortib bormoqda

235

Seul shahrida O‘zbekistondagi IT va BPO sohalari salohiyatini yoritib bergan “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni, IT-Park rezidentlari uchun soliq imtiyozlari hamda koreys tilini biladigan o‘zbekistonlik IT-mutaxassislarning salohiyatidan Koreya bozorida foydalanish strategiyalari kabi muhim mavzularda bir qator taqdimotlar o‘tkazildi.

Inson kapitali, xususan, tajribali mutaxassislar soni hamda yosh iqtidor egalarining malakasini oshirish va kelgusida ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar startap loyihalari doirasida yirik kompaniyalar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari va kelgusida ishga joylashtirish uchun kadrlar zaxirasi mavjudligiga qiziqish bildirdi.

O‘zbekistonning amaldagi soliq imtiyozlari va investorlar, kompaniya ta’sischilari hamda IT-mutaxassislar uchun O‘zbekistonda ishlash jarayonini soddalashtiruvchi uch yilgacha amal qiladigan ko‘p martalik IT-viza imkoniyatlari taqdimoti konferensiyaning muhim nuqtalaridan biriga aylandi.

Koreyaning “LG CNS” va “MK Soft/Softhub Global” kabi kompaniyalari o‘zlarining O‘zbekistondagi muvaffaqiyatli ish tajribasi haqida o‘rtoqlashib, nima uchun O‘zbekistonni IT-xab sifatida tanlaganliklarini tushuntirib berdi.

Bundan tashqari, tadbirda 3-6 hafta ichida yakunlanishi mumkin bo‘lgan O‘zbekistonda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonining qulayligi taqdim etildi. Bu esa mamlakatda soddalashtirilgan tartib va yangi kompaniyalar uchun davlat tomonidan yaratilgan qulay shart-sharoitlar mavjudligini ko‘rsatadi.

Ishtirokchilar O‘zbekistonda kompaniya ochish tartib-taomillari, mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat, jumladan, ishlash uchun ruxsatnoma olish va IT-Park tomonidan beriladigan imtiyozlar haqida ma’lumot olishdi.

Mamlakatimiz texnologiyalar bozoriga Koreya kompaniyalarining qiziqishi ortib borayotgani, koreyalik rezident kompaniyalar soni va O‘zbekistondagi IT-mutaxassislarning salohiyati bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Asosiy natija sifatida Koreya kompaniyalari, jumladan “Lotte Innovation”, “Eurasia va NewConTek Inc” tomonidan O‘zbekistonga autsorsing qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, “BizData” va “Croxhi” kompaniyalari “IT Park Uzbekistan” rezidenti bo‘lish rejalarini e’lon qildi.

Seulda bo‘lib o‘tgan mazkur tadbir O‘zbekiston va xalqaro kompaniyalar o‘rtasida muhim aloqalarni o‘rnatishga ko‘maklashdi va bu kelgusi hamkorlik uchun zamin yaratdi.

N.Rahmonova, O‘zA