Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani Xolimbeg ovulida yangi sun’iy qoplamali mini futbol maydonchasi foydalanishga topshirildi.
Tuman hokimligi Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, tadbirda so‘zga chiqqanlar amudaryolik sportchilarining katta musobaqalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlari, bunda xolimbeklik sportchi yoshlarning ham hissasi yuqori ekanligini, ovul yoshlarining jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirishda mazkur sport maydonchasi muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Mazkur sun’iy qoplamali mini futbol maydonchasi o‘rni oldin qarovsiz holdagi tashlandiq yer bo‘lgan. Tadbirkor Amina Tajimuratovaning tashabbusi bilan ushbu joy obod qilindi. Tadbirkor jami 300 million so‘m, shundan 33 million so‘mi bank krediti, qolgani o‘z mablag‘i hisobiga mazkur sun’iy qoplamali mini futbol maydonchasini bunyod qildi. Endilikda mazkur maydoncha yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ovul yoshlarining salomatliklarini mustahkamlash va ularni yanada katta yutuq hamda marralarga undashga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri