Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universitetida ilk marotaba Idoralararo mutaxassis-kinologlar o‘rtasida «Xizmat itlari» musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqani Qozog‘iston va Qirg‘iz Respublikasidan kelgan Xalqaro politsiya assotsiatsiyasi vakillari kuzatib borishdi.

Unda Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Jamoat xavfsizligi universiteti mutaxassislari o‘zlariga biriktirilgan xizmat itlari bilan ishtirok etdi.

Mutaxassis-kinologlar maxsus belgilangan maydonda 50 dan ortiq 3 oylikdan 8 yoshgacha bo‘lgan Nemis, Sharqiy Yevropa, O‘rta Osiyo va Belgiya ovcharkalari hamda Labrador zotlariga mansub xizmat itlari ko‘rgazmasida o‘z mansubligi bo‘yicha bellashdi.

Musobaqa jarayonlarida mutaxassis-kinologlarning jismoniy tayyorgarligi va kasbiy mahoratlariga, shuningdek, eng yaxshi kinologlar hamda ekstremal vaziyatlarda lozim vazifalarni bajarish kabi nominatsiyalar bo‘yicha xizmat itlarining tayyorgarlik darajasiga baho berib borildi.

Qiziqarli shartlardan iborat bellashuvlar jarayonlarini Qozog‘istondan kelgan xalqaro toifadagi hakam Nina Makelova boshqarib bordi.

Qiziqarli va o‘ziga xos bayramona tarzda o‘tgan musobaqada «Buyumlarni tanlab topish yo‘nalishida» Milliy gvardiya jamoasi birinchi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi jamoasi ikkinchi, Milliy gvardiya Qo‘riqlash xizmati jamoasi esa uchinchi egalladi.

«Odamni topish yo‘nalishi» bo‘yicha o‘tgan tanlovda Favqulodda vaziyatlar vazirligi jamoasi g‘olib bo‘ldi. Milliy gvardiya Qo‘riqlash xizmati va Ichki ishlar vazirligi jamoasi keyingi pog‘onalardan joy olishdi.

«Umumiy mashq kursi»da Bojxona qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya sovrindor bo‘ldi.

Kichik va katta yoshli it zotlari o‘rtasidagi musobaqada Jamoat xavfsizligi universiteti jamoasi 1-o‘ringa loyiq  topildi.

G‘olib jamoalar tashkilotchilar — Milliy gvardiya, Xalqaro Politsiya Assotsiatsiyasi va Jamoat xavfsizligi universiteti tomonidan kubok, medal, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA