Toshkentda o‘tayotgan Butunjahon antidoping agentligi (WADA)ning Osiyo va Okeaniya mamlakatlari sport vazirliklarining 19-hukumatlararo yig‘ilishi doirasida mamlakatimiz rasmiylari va WADA rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari Odil Abdurahmonov, Vitold Banka boshchiligidagi WADA mutasaddilari, sport vaziri Adham Ikromov, MOQ Bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi direktori Abdushukur Sodiqov ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvda dopingga qarshi kurash bo‘yicha o‘zaro hamkorlikka oid qator masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuvda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jismoniy tarbiya va sportni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida olib borilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi. Sportni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar o‘z samarasini ko‘rsatayotgani, yurtimiz sportchilari jahon maydonida yuksak marralarni egallayotgani alohida qayd etildi.

WADA rahbari Vitold Banka o‘zbekistonlik sportchilarning xalqaro maydondagi natijalari ortishi barobarida antidoping mutaxassislarining ish faoliyati ham kengayib borayotganini bildirib o‘tdi.

Muloqot chog‘ida xalqaro doping ofitserlari bilimini oshirish, sportchilarni taqiqlangan vositalardan himoya qilish va malakali kadrlarni tayyorlashda O‘zbekiston katta imkoniyatlarga ega davlatlar qatoriga qo‘shilayotgani e’tirof etildi.

 

T.Ro‘ziyev,

O‘zA