O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligida Koreya Respublikasi Inson resurslarini rivojlantirish milliy instituti (NHI) prezidenti Kim Che Xvan boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv tashkil etildi.
Unda 2022-2024 yillarda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va NHI hamkorligida davlat xizmatini raqamlashtirish bo‘yicha mas’ul rahbarlar uchun tashkil qilingan malaka oshirish dasturlari sarhisob qilindi. Ularning samarasi va natijalari muhokama qilindi.
K.Xvan O‘zbekistonda davlat boshqaruvi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Muloqot davomida, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni kuchaytirish, 2023 yil oktyabr oyida imzolangan Anglashuv memorandumi doirasidagi tadbirlar ko‘lamini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Keyingi yillarda davlat xizmatchilari uchun Koreyada qisqa muddatli stajirovka va malaka oshirish dasturlarini amalga oshirish ko‘paytirilgani, rahbar kadrlar kompetensiyalarini baholash (assesment) markazi faoliyatini tashkil etishda yaqindan hamkorlik qilish, koreyalik mutaxassislar ishtirokida seminar-trening va boshqa tadbirlarni tashkil etish o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida e’tirof etildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ushbu yo‘nalishlarni aks ettirgan amaliy harakatlar rejasini ishlab chiqishga va amalga oshirishga kelishib oldi.
N.Abduraimova, O‘zA