O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Akbar Toshqulov Xitoy Xalq Respublikasi Oliy xalq sudi raisi Chjan Szyun bilan uchrashdi.
Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT)ga a’zo davlatlar Oliy sudlari raislarining XIX yig‘ilishi doirasida mamlakatimizga tashrif buyurgan Ch.Szyun davlat va jamiyat xayotining turli jabhalarida amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar bilan yaqindan tanishtirildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilgani, turli sohalarda keng qirrali aloqalar rivojlanib borayotgani hamda oliy darajadagi o‘zaro ikki tomonlama tashriflar buning aniq misoli ekanligiga urg‘u berib o‘tdi.
SHHT doirasida ham ikki davlat o‘rtasida ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, huquqiy islohotlar, yuridik xizmat va sud ekspertizasi sohalarini takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan ham ma’lumot berildi.
Ch.Szyun O‘zbekistonda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy baholab, ushbu jarayon mamlakatda odil sudlovga erishish va inson huquqlarini samarali ta’minlash uchun xizmat qilishini qayd etdi.
O‘zbekistonning sud ekspertizasini rivojlantirish sohasidagi tajribasiga yaqindan qiziqish bildirdi hamda XXRning xususiy sud ekspertizasi tashkilotlari faoliyatiga oid ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.
Shuningdek, tomonlar mediatsiya institutini yanada rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qildi hamda ushbu sohada o‘zaro tajriba almashishga kelishib oldi.
N.Abduraimova, O‘zA