Gretsiyaning Kalamata shahrida yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Anvar Anvarov oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning uzunlikka sakrash bahslarida ishtirok etgan hamyurtimiz 8.17 metr natija qayd etib, musobaqa g‘olibiga aylandi. Shuni ta’kidlash joizki, turnirda hech bir atlet 8 metrlik natijani takrorlay olmagan. Shuningdek, Anvar Anvarov mavsumdagi eng yaxshi natijasini ko‘rsatdi. Mazkur yo‘nalishda Amovis Dalmero (Kolumbiya) 7.88, Jyul Pommer (Fransiya) 7.78 natija bilan ikkinchi hamda uchinchi pog‘onadan joy oldi.
Eslatib o‘tamiz, Anvar Anvarov bundan avval Kiprda o‘tkazilgan “Cyprus International Athletics Meeting” turnirida kumush medalga sazovor bo‘lgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA