Poytaxtimizda gandbol bo‘yicha erkaklar va ayollar jamoalari o‘rtasida bir xafta mobaynida davom etgan V Markaziy Osiyo ochiq chempionati yakunlandi.

Ozarbayjon, Hindiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston hamda mamlakatimiz gandbol jamoalari ishtirok etgan chempionatda 10 ta erkaklar va 9 ta ayollar jamoasi sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borishdi.

Kecha o‘tkazilgan so‘nggi o‘yinlar natijasiga ko’ra O‘zbekiston ayollar terma jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Toshkent viloyatining OKMK hamda Qozog‘istonning Ostona shahri jamoasiga nasib qildi.

Erkaklar jamoalari o‘rtasidagi shiddatli o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, Toshkent viloyatining OKMK gandbolchilari g‘oliblik shoxsupasiga ko‘tarildi. 2-o‘rinni Qo‘qon universiteti va 3-o‘rinni Toshkent shahar terma jamoasi egalladi.

Chempionatning g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimida ishtirok etgan  Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori Jasur Akromov, O‘zbekiston gandbol federatsiyasi bosh kotibi Ismoiljon Matxoliqov va boshqalar qo‘shni davlat jamoalari bilan birgalikda shunday turnirlarni tashkil etish mahoratli sportchilarni saralash, tanlash, terma jamoalarda o‘yin ko‘nikmasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi.

Aytish lozimki, gandbol muxlislariga bir olam zavq bag‘ishlagan musobaqalarning har jihatdan yuqori saviyada o‘tishida hakamlarning o‘rni beqiyos bo‘ldi.

O‘zbekiston gandbol federatsiyasi hakamlar hay’ati raisi Boburbek Latipov boshchiligidagi Hasan va Husan Ismoilov, Zahro Allayorova, Sevara Razakbergenova, Arobiddin Imonboyev, Hasan Ahmedov, Shohrux Shamsiyev, Shahzod Shavkatov va Mirjalol Abdukarimov kabi hakamlar o‘zlariga bildirilgan ishonchni to‘la oqlashdi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA