Yevropa Ittifoqi – O‘zbekistonning ishonchli hamkori
Toshkentda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva, Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi elchisi Sharlotta Adrian hamda mahalliy va xorijlik mehmonlar, elchilar, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi. Sharlotta Adrian xonim o‘z nutqida tomonlarning ko‘p yillik hamkorligi bugungi kunda ham o‘zaro ishonch tamoyili asosida manfaatli va do‘stona aloqalarga mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilayotganini qayd etdi.
Bugungi kunda o‘zaro manfaatli aloqalar ko‘plab sohalarni qamrab olmoqda. Ayniqsa, “GSP+” doirasida Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanayotgani va bu yurtimiz ishlab chiqaruvchilari uchun keng imkoniyat yaratayotganini ta’kidlash joiz.
E’tiborlisi, 2023 yil 22 noyabr kuni Yevropa Ittifoqi Preferensiyalar bosh tizimi plyus (“GSP+”) amaldagi muddatini kelgusi to‘rt yilga, ya’ni 2027 yil 31 dekabrga qadar uzaytirish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Bu imtiyoz yurtimizdagi xususiy sektorga 448 million iste’molchiga ega Yevropa bozoriga kirishni osonlashtiradi. O‘zbekiston va ko‘hna qit’a kompaniyalari o‘rtasida mustahkam hamkorlikni rag‘batlantiradi, chegaralarda sezilarli darajada tejamkorlikka erishish imkonini beradi. Joriy yil 5 aprel kuni YeI va O‘zbekiston o‘rtasida xom ashyo (CRM) sohasida barqaror narx-navo zanjirini rivojlantirishga qaratilgan anglashuv bayonnomasi imzolanishi ham muhim qadam hisoblanadi.
– Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonni mustaqillikka erishganidan buyon qo‘llab-quvvatlab kelmoqda, – dedi o‘z nutqida Sharlotta Adrian xonim. – Bu jarayon umumiy tamoyil va manfaatga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlikka aylanmoqda. Demokratiya va qonun ustuvorligi, inson huquqi, samarali boshqaruv, iqtisodiy rivojlanish va mintaqaviy hamkorlik sheriklikning asosiy yo‘nalishlaridir. Biz yashil iqtisodiyotga o‘tish va raqamlashtirishning barcha tarmoqlarida hamkorlikni, O‘zbekistonning JSTga kirishini qo‘llab-quvvatlashni davom ettiramiz. Mazkur jarayon mamlakatning iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, Yevropa xususiy sarmoyasini ko‘paytirish, qo‘shimcha qiymat va ish o‘rinlari yaratish uchun aloqani chuqurlashtirishga birgalikda intilishning yana bir belgisidir.
Sharlotta Adrian ushbu tantana munosabati bilan Toshkentda so‘nggi bor nutq so‘zlayotganini ta’kidlab, hukumat, parlament, fuqarolik jamiyati vakillariga, hamkorlarga, shuningdek, o‘zbek xalqiga mehmondo‘stligi va do‘stona munosabati uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Toshkent botanika bog‘ida Yevropa Ittifoqi festivali o‘tkazilishi yubiley tadbirlarining mantiqiy davomi bo‘ldi. Anjumanda O‘zbekistonda va mintaqaviy miqyosda amalga oshirilayotgan 50 ga yaqin YeI tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA