U bilan birgalikda Eron TIV rahbari Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati gubernatori Malik Rahmatiy va oyatullohning Sharqiy Ozarbayjon viloyatidagi vakili Imom oyatulloh Ali Hoshim ham halok bo‘lishgan.

Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy aviahalokat qurboni bo‘ldi. Raisiy va yuqori martabali mulozimlar uchgan vertolyot 19 may kuni mamlakat shimoli-g‘arbida, Sharqiy Ozarboyjon viloyati hududida halokatga uchragan. «Mehr” agentligi xabariga ko‘ra, halokat oqibatida boshqa yo‘lovchilar ham, jumladan, Eron TIV rahbari Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarboyjon viloyati gubernatori Malik Rahmatiy, oyatullohning hududdagi vakili Muhammad Ali Al-Hoshim halok bo‘lishgan.

Halokatga uchragan bortda shuningdek Prezident qo‘riqchilari boshlig‘i Sayid Mehdi Musaviy, ikki uchuvchi hamda texnik zobit bo‘lishgan.

Raisiy uchgan vertolyot Ozarbayjon bilan chegara yaqinidagi tog‘li hududda qulab tushgan. 20 may tongida Amerikada ishlab chiqarilgan «Bell 212» vertolyoti qoldiqlari noqulay ob-havo sharoitida o‘tkazilgan tungi qidiruv ishlaridan keyin topilgan. Eron davlat televideniyesida ma’lum qilinishicha, vertolyot tog‘dagi qoyaga borib urilgan. Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbari Pirhusayn Kolivand davlat televideniyesi orqali qilgan chiqishida qutqaruvchilar halokat joyiga yetib borishganida «vertolyot yo‘lovchilaridan birortasi omon qolgani belgilari yo‘qligi»ni aytgandi. Qidiruv hududida 73 ta qutqaruv otryadi harakatlangan.

Aviahalokatdan keyin ayrim mamlakatlar xavotir bildirdi va o‘z yordamini taklif etdi. Oq uydagilar Prezident Jo Bayden halokat haqida xabardor qilinganini ma’lum qildi. Xitoy chuqur tashvishda ekanini bildirgan. Inqirozlarni boshqarish bo‘yicha yevrokomissar Yanez Lenarchich halokatdan keyin Yevroittifoq o‘zining «Copernicus” sun’iy yo‘ldosh tizimidan Eron Prezidenti vertolyotini topishda foydalanishini ma’lum qildi. RF Prezidenti Vladimir Putin va yuqori martabali rossiyalik harbiylar hamda amaldorlar Eronning Moskvadagi elchisi Kozim Jaloliy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Elchi Eronning IRNA agentligiga aytishicha, Putin barcha zarur yordam ko‘rsatilishini va’da qilgan. Vertolyot halokatga uchragan hududga Rossiya FVVning ikki samolyoti qutqaruvchilar bilan birga yuborilgan.

63 yoshli Raisiy 2021 yilda Eron Prezidenti bo‘lgandi. Bu lavozimga saylangach, u axloq qonunlarini qat’iylashtirishni talab qilgan, hukumatga qarshi namoyishlarni bostirishga rahbarlik qilgan va jahondagi qudratli davlatlar bilan yadroviy muzokaralarda faol ishtirok etgan. Eronning oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiy vertolyot halokatidan keyingi chiqishida davlat boshqaruvida «uzilishlar bo‘lmasligi»ni ma’lum qilgan.

Raisiyning o‘limidan keyin mamlakat vitse-prezidenti Muhammad Muxbir vaqtincha Eron prezidentiga aylanadi. 68 yoshli Muxbir Raisiy 2021 yilda prezidentlikka saylanganida, vitse-prezident bo‘lgandi. U ham Ali Xominaiyning yaqin kishilaridan sanaladi. «Reuters” manbasi xabariga ko‘ra, Muxbir 2023 yil oktyabrida Moskvaga tashrif buyurgan va rossiyalik harbiylarga raketalar va dronlar yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishgan Eron delegatsiyasi tarkibida bo‘lgan.

Muxbir vaqtincha prezident sifatida parlament spikeri hamda Eron sud tizimi rahbari bilan birgalikda Raisiyning vafotidan keyin 50 kun ichida o‘tkaziladigan yangi saylovlarni tashkillashtiruvchi kengash a’zosi bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eron shimolida yuz bergan fojia oqibatida Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy va unga hamrohlik qilgan shaxslarning vafot etgani munosabati bilan ushbu mamlakat Oliy diniy rahbari oyatulloh Ali Xomaneiyga hamdardlik bildirdi.

Davlatimiz rahbari do‘st Eron xalqiga, marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etdi.