O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Malayziya Bosh vaziri 18 may kuni Toshkentdagi Hazrati Imom majmuasiga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmonga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov hamrohlik qildi.
Bosh vazir Anvar Ibrohim va Malayziya delegatsiyasi a’zolariga Hazrati Imom jome masjidining qurilish tarixi haqida batafsil ma’lumot berildi.
–Oliy martabali mehmonga Mo‘yi muborak madrasasida saqlanayotgan Usmon mushafi, kitobning tarixi, yozilishi va yurtimizga kelishi, shuningdek, hozir qayta ta’mirlash ishlarigacha bo‘lgan jarayon to‘g‘risida ma’lumot berdik, – dedi Homidjon Ishmatbekov. – Bosh vazir tarixiy obidalar, ayniqsa, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Usmon Mushafini ko‘rib, hayratga tushganlarini izhor etdilar.
Malayziya Bosh vaziri Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan islom dinini o‘rganish, uning asl insonparvarlik mohiyatini targ‘ib etish borasida olib borilayotgan ishlarga yuksak baho berdi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA