Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qirq to‘qqizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumat a’zolari, tegishli soha rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiya kun tartibidagi dastlabki masala – “Qoraqalpog‘iston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonuni loyihasi haqida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Qonuniylik, sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurash masalalari qo‘mitasi raisi Z.Reymova ma’ruza qildi.

Shuningdek, sessiyada aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom bola tug‘ilishini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining hisoboti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning) Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakilining 2023 yilgi faoliyati to‘g‘risida, davlatimiz rahbarining 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining hisoboti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Soliq boshqarmasi tomonidan 2023 yilda amalga oshirilgan ishlar, Orolbo‘yi hududida elektr energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi, qish mavsumida aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash yuzasidan “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpog‘iston hududiy filiali direktorining axboroti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining tegishli qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri