BMT vakili O‘zbekiston Prezidentiga xotin-qizlarning huquqlarini ta’minlashga qaratilgan ishlar uchun minnatdorchilik bildirdi

Samarqandda Osiyo xotin-qizlari forumi davom etmoqda. Forumda BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, “BMT-ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori Sami Baxus O‘zbekiston Prezidentiga mamlakatda xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini targ‘ib qilishga sodiqligi, ushbu forumni o‘z vaqtida o‘tkazish tashabbusi uchun minnatdorchilik bildirdi.
– Dunyo bo‘ylab mehnat qonunchiligida teng huquqlilik kuchaytirilmoqda, – dedi S.Baxus. – Jahonning ko‘plab mamlakatlarida rahbarlik lavozimlarida ayollar uchun kvotalar va direktorlar kengashi a’zoligi haqiqatga aylandi. Onalar o‘limi qisqarishi davom etmoqda. Boshlang‘ich ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lgan qizlar soni tobora ortib bormoqda. Ko‘plab sohalarda, shu jumladan, iqtisodiyot sohasida ham gender tenglik borasida muvaffaqiyatga erishildi. Misol uchun, O‘zbekistonda teng qiymatdagi mehnatga teng haq to‘lash joriy etildi. Xotin-qizlarni sanoat korxonalari va xavfli deb topilgan ishlarga jalb qilish bo‘yicha cheklovlar olib tashlandi. Bu qarorlarni biz qo‘llab-quvvatlaymiz.
Dunyoda yuz berayotgan ko‘plab inqirozlar ko‘proq ayollar va qizlarga o‘z salbiy ta’sirini o‘tkazayotganini BMT vakili alohida qayd etdi. Buning yorqin misoli G‘azodir. Men tezda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiraman. Har uchinchi ayol hali ham zo‘ravonlik va ta’qiblarga duchor bo‘lmoqda. Asosiy sabab – kamsituvchi normalar va qonunchilik tizimlaridir. Ayollar o‘rtasida ishsizlik darajasi 50 foizni, erkaklar orasida esa 30 foizni tashkil etadi.
“Rivojlanishni moliyalashtirish bo‘yicha majburiyatlarga gender muammosini kiritish, gender jihatlarni hisobga oladigan iqtisodiy va ijtimoiy siyosat yuritish, xotin-qizlar tashkilotlari va birlashmalarini moliyalashtirish zarur. Asosiysi, bir jamoa bo‘lib harakat qilish, umumiy qarashlarni shakllantirish, umumiy yechimlarni ishlab chiqish, birgalikda harakat qilish va umumiy hisobdorlikni ta’minlashni zimmamizga olish uchun birlashamiz. Bizni tarixiy Samarqandda qabul qilgani uchun O‘zbekiston hukumatiga yana bir bor minnatdorchilik bildiraman”, dedi ma’ruzachi.
Norgul Abduraimova, O‘zA