Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialining mehnat jamoasi va talaba-yoshlari I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador B.Abdirovning holidan xabar oldi.
Filial direktori Adilbay Yesimbetov va xodimlar Buxarbay ota va uning oila a’zolarini Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 79-yilligi bilan samimiy qutlab, ezgu tilaklarini bildirishdi. Uzoq yillar davomida mashaqqatli va halol mehnat qilib, yurtimiz rivojiga hissa qo‘shgan bu insonga qancha ijobiy ta’riflarni keltirsak, shuncha kamdek tuyulaveradi. Buxarbay ota o‘ziga ko‘rsatilgan bunday e’tibor va e’zozdan mamnun bo‘lib, talaba-yoshlar bilan ko‘p yillik mehnat faoliyati va hayot tajribalarini o‘rtoqlashdi.
–Sizlardek bo‘lajak yosh veterinar mutaxassislarni ko‘rib, juda sevindim,–deydi Buxarbay ota Abdirov.–Yurtimizning ertangi kelajagini sizlar yaratasiz. Men pok orzulari amalga oshib, uzoq yashab kelayotgan mustaqil yurtimning baxtli keksa avlodlaridan biriman. Sizlar mendan ham yuksak muvaffaqiyatlarga erishishingizga ishonaman, boisi buning uchun yurtimizda barcha imkoniyat eshiklari ochiq.
Qahramonimiz yoshlarga ilmiy faoliyati bo‘yicha batafsil hikoya qildi. Talabalarga bugungi farovon hayotimizga behad shukur qilib, bilimlarni puxta o‘zlashtirishni, ezgu maqsadlar sari intilishni maslahat berdi.
Samimiy muloqotdan so‘ng nuroniy otaxonimiz qo‘llarini yaxshi niyat bilan duoga ochib, yurtimiz tinch va osmonimiz musaffo bo‘lishini tiladi. Tabarruk yoshdagi otaxon o‘ziga ko‘rsatilgan hurmat va e’tibordan minnatdor ekanligini bildirdi.
Bayram munosabati bilan otaxonga sovg‘a-salomlar topshirildi. Vatanimiz rivoji uchun xizmat qilgan bunday nuroniy otaxonlarimizning har biri yoshlarga chin ma’noda o‘rnak bo‘la oladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri