Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish azaldan xalqimizga xos ezgu fazilatlardan biri. O’zLiDeP partiyasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati etib saylangan Bahodirjon Sidiqov keksa nuroniy onaxon va otaxonlarning duolarini olish maqsadida “Amudaryo”, “Jiydali boysun”, “Anasay” va “Samanbay” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 50 nafardan ziyod keksa avlod vakili uchun Buxoro viloyatiga sayohat tashkil qildi.

Sayohat orqali inson nafaqat mazmunli hordiq, balki yoqimli lahzalardan zavq ham oladi, tajriba va bilim, keng dunyoqarashga ham ega bo‘ladi. Ayniqsa, qadimiy manzilgohlar sizni olis va ko‘hna tarix qa’riga olib kiradi. Ichki turizmni rivojlantirish maqsadida Nukus shahridan sayohatga yo‘l olgan keksa avlod vakillari Buxoro viloyatining tarixi, madaniy meroslari hamda madaniyati bilan yaqindan tanishdi.

Nuroniylar Buxoro viloyatining Xo‘ja Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Xo‘ja Orif Revgariy, Xo‘ja Mahmud Anjir Fag‘naviy, Hazrat Xo‘ja Ali Romitaniy, Xo‘ja Muhammad Boboyi Samosiy, Xo‘ja Sayyid Amir Kulol va Xo‘ja Bahouddin Naqshband Buxoriy kabi boy tarixga ega islom dunyosida yetti pir nomini olgan avliyolar qadamjolarini ziyorat qilib, boy taassurot bilan qaytdi.

–Deputat tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur sayohatga turli sohalarda fidoiy ko‘rsatgan nuroniylar taklif etildi, – deydi O’zLiDeP Nukus shahar kengashi apparat rahbari A.Amanbayev. – Bu an’anaga aylanib bormoqda.

Chunki deputat tashabbusi bilan o‘tgan yillar davomida nuroniylarimiz Xiva, Samarqand shaharlariga va Qozog‘iston Respublikasining Turkiston shahriga sayohat qilib, ularning tarixi, madaniyati va diqqatga sazovor joylarini ziyorat qilib qaytgan edi. May oyi madaniyat va ma’rifat oyligi doirasida onaxon va otaxonlarimiz ko‘rsatilayotgan e’tibor va hurmatdan ko‘ngillari to‘lib, deputatga o‘z minnatdorligini bildirdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri