Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an AQSHga tashrifini bekor qildi. Bunga ikki davlat rahbarlarining ish jadvali tig‘izligi sabab bo‘ldi, degan mamlakat yetakchisi Gretsiyada chiqadigan “Katimerini” gazetasiga bergan intervyusida.

– AQSHga tashrif ish jadvalimiz bir-biriga to‘g‘ri kelmagani uchun bekor qilindi, – dedi Erdog‘an. – O‘zingizga ma’lum, Qo‘shma Shtatlar saylov arafasida turibdi va Baydenning ish jadvali yanada tig‘izlashgan. Umumiy dasturlarimiz ijrosi mamlakat ichida ham, xorijda ham jadal davom etmoqda. Bunday tashriflar ikki mamlakat uchun ham qulay vaqtda amalga oshiriladi.

Avvalroq Turkiya TIV mazkur tadbir 9 mayga mo‘ljallangani, biroq ish jadvallari o‘zaro mos kelmagani sababli keyinroqqa, ikki tomon uchun qulay bo‘lgan vaqtga ko‘chirilgani xususida yozgandi.

Erdog‘an ma’lum qilishicha, hozir qulay sana muhokama qilinyapti.