Italiya «A» seriyasi 35-turida «Kalyari» o‘z maydonida «Lechche» klubi bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi.
Biz uchun ahamiyatlisi «Kalyari» jamoasi safida so‘nggi uchrashuvlarda asosiy tarkibdan o‘rin olib kelayotgan hujumchimiz Eldor Shomurodov mazkur uchrashuvda 68-daqiqada zaxiradan maydonga tushirildi. Eldor qanchalik harakat qilmasin oldingi chiziqda yolg‘izlanib qoldi va uchrashuv natijasiga ta’sir ko‘rsata olmadi.
Eng muhimi, mazkur uchrashuv A.Shomurodov uchun tarixiy ahamiyat kasb etdi. Sababi terma jamoamiz sardori uchun «Kalyari» va «Lechche» bahsi «A» seriyadagi 100-o‘yin bo‘ldi va kuchli beshlik, aniqrog‘i «A» seriyada birinchi marotaba ana shunday natija qayd etgan o‘zbek futbolchisi sifatida tarix zarvaraqlariga nomini yozdirdi.
Italiya futboli tarixidagi birinchi o‘zbek futbolchisi Ilyos Zeytullayev hisoblanadi. «Yuventus» tarbiyalanuvchisi bo‘lgan sobiq legionerimiz ushbu mamlakat chempionatida atigi ikki marotaba maydonga tushgan xolos. I.Zeytullayev asosan quyi ligalarda futbolchilik faoliyatini o‘tkazgan.
Ma’lumot o‘rnida, Eldor Shomurodov kuchli beshlik ligalarida gol urishga muvaffaq bo‘lgan birinchi o‘zbekistonlik futbolchi hamdir.
Ha, bugun o‘zbek futboli jadal rivojlanmoqda va Eldordek futbolchilar safi kundan kun ortib bormoqda. Umid qilamizki, Eldor Shomurodov kelasi mavsum o‘zining yorqin o‘yinlari bilan muxlis va mutaxassislar e’tiborini yana tortadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA