Adliya vaziri Akbar Toshqulov AQSH – O‘zbekiston savdo palatasi raisi, “White & Case” yuridik firmasining hamkori Kerolin Lemm bilan uchrashdi.
Ma’lumot uchun: ““White & Case” yuridik firmasi AQSHning eng kuchli yuridik firmalarining “Big law” reytingida birinchi beshtalikka kiradi. Mazkur tuzilma 31 davlatda o‘z vakolatxonalari orqali faoliyat yurituvchi hamda O‘zbekistonda ilk faoliyatini 1993-yil boshlagan yirik yuridik firmalardandir.
Uchrashuvda tomonlar mamlakatning investitsiyaviy salohiyatini mustahkamlash, Toshkent xalqaro tijorat sudini tashkil etish, vazirlik xodimlarining “White & Case” yuridik firmasining Vashingtondagi ofisida malakasini oshirish masalalarida atroflicha fikr almashdi.
Kerolin Lemm O‘zbekistonda sud-huquq islohotlari va investitsion muhitni yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ijobiy natija berayotganini e’tirof etdi.
Buning aniq isboti 2023-yil Vashingtonda o‘tkazilgan O‘zbekiston – Amerika biznes forumida ishtirok etgan 350 dan ortiq amerikalik investorning O‘zbekistonga sarmoyalar kiritishga bo‘lgan ishtiyoqida aks etgan.
Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi.
N.Abduraimova,
O‘zA