Mamlakatimizda yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularni doimiy ish bilan band qilish, qo‘shimcha daromad olishi uchun qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, joylarda hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi lavozimlarining joriy etilishi mahallada kambag‘allikni qisqartirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, ularni qo‘llab-quvvatlash va muammolarini hal etishda muhim omil bo‘lmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani “Choykul” ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Arslon Tajiddinov bir necha yildan buyon chorvachilik bilan shug‘ullanib kelmoqda. O‘z mehnati bilan ko‘pchilikka namuna bo‘layotgan yosh chorvador ovul fuqarolar yig‘ini mas’ullari tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Arslon bilan suhbatlashar ekanmiz, yosh bo‘lishiga qaramay, mehnatdan qochmaydigan, barcha yutuqlariga faqatgina tinimsiz mehnat va harakati orqali erishayotganining guvohi bo‘ldik. U akasi bilan birgalikda 2015-yildan chorvachilik bilan shug‘ullanishni yo‘lga qo‘ygan. Aka-ukaning mashaqqatli mehnati natijasida 3 bosh qoramol soni bugungi kunda 31 boshga yetdi.

Arslonning aytishicha, chorvachilik orqasidan akasiga ikki qavatli imorat qurib berib, ro‘zg‘orini alohida qilgan. Shuningdek, “Gentra” rusumli avtomobil sotib olgan. 10-yilga yaqin vaqt mobaynidagi faoliyati natijasida chorvachilik sir-asrorlaridan yaxshigina xabardor chorvador bo‘lib yetishgan Arslon oilasidan uzoqqa –chet davlatga borib ishlab, pul topish, shu orqali ro‘zg‘or tebratish zaruratini sezmagani, o‘z yurtimizda ham mehnat qilib, yaxshi daromad topish uchun yetarli imkoniyatlar mavjudligini alohida ta’kidladi.

–Har bir kasbning o‘ziga xos zavqi va qiyinchiliklari bor, – deydi yosh tadbirkor Arslon Tajiddinov. – Yosh, zotdor qoramollarni xarid qilib, vaznini 400-500 kilogrammgacha yetkazib go‘shtga topshiramiz. Bu alohida mehnatni talab qiladi. Vaqtida parvarish qilmasang, ko‘zlangan natijaga erishib bo‘lmaydi. Shuning uchun har kuni ish bilan bandman. Bu ishda bo‘sh vaqtlarida akam ham yordam beradi.

Mehnat qilgan, izlangan odam hech qachon kam bo‘lmaydi. Bugungi kunda hovlisida qoramol, qo‘y-qo‘zi, parranda, quyon boqishga barcha imkoniyatlar yaratilganiga qaramasdan, go‘shtni ham, sutni ham, yerdan chiqadigan boshqa mahsulotlarni ham bozordan sotib oladiganlar, afsuski, uchrab turadi. O‘zining tinimsiz mehnati bilan yaxshi natijaga erishib kelayotgan Arslon kabi yoshlarning safi kengaysa, bozorlarimizda mahsulot ko‘p, narx-navolar arzon, dasturxonimiz esa to‘kin-sochin bo‘ladi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat, video),

O‘zA muxbirlari