Futbol bo‘yicha Osiyo chempionlar ligasining final o‘yini G‘arb va Sharq mintaqasidan finalga yo‘l olgan Birlashgan Arab Amirliklari va Yaponiya klublari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.
Joriy yilning 11-may va 25-may kunlari o‘tadigan “Al Ayn”-“Yokogama Marinos” qarama-qarshiligida o‘yinlar natijasida Osiyo chempionlar ligasi g‘olibi aniqlanadi.
Kuni kecha Osiyo futbol konfederatsiyasi ikki klub o‘rtasidagi hal qiluvchi o‘yinlarni boshqarib boradigan hakamlar guruhini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Ilgiz Tantashev boshchiligidagi o‘zbekistonlik hakamlar jamoasi 25-may kuni Birlashgan Arab Amirliklarida OCHL g‘olibi aniqlanadigan so‘nggi uchrashuvni boshqarib boradi.
Uchrashuvda I. Tantashevga qanotlarda Andrey Sapenko va Timur Gaynullin yordam ko‘rsatsa, Rustam Lutfullin zaxira hakami vazifasini bajaradi. Yana bir o‘zbekistonlik futbol mutaxassisi Sanjar Shoyusupov zaxira hakami yordamchisi etib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo chempionlar ligasining ilk o‘yini 11-may kuni Yaponiyada bo‘lib o‘tadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA