Poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida sho‘ba majlislari, davra suhbatlari, taqdimotlar, hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari kabi tadbirlarda muhim masalalar muhokama qilinmoqda.

Bugun Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda yetakchi kompaniya va banklar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar vakillari ishtirok etyapti.

– Anjuman va uning doirasidagi tadbirlarda uchinchi marta ishtirok etyapman, – deydi Islom taraqqiyot banki mintaqaviy markazi rahbari Ibrohim Shukriy. – Bu jarayonlarda qatnashib, yurtingizda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarning samarasiga guvoh bo‘lyapmiz. Shu bilan birga investorlarga yaratilayotgan imkoniyatlarga ham shohidmiz. Yildan yilga mamlakatingizga kelayotgan kompaniyalar hajmi sezilarli ortib borayotgani bu fikrimizga dalil. O‘zining aniq maqsad va konsepsiyasiga ega investorlarning hech bir taklifi e’tibordan chetda qolmayapti. Islom taraqqqiyot banki vakili sifatida bu jarayonlarda qatnashib, hukumat bilan birga muhim loyihalarni amalga oshirayotganimizdan mamnunmiz. Hamkorligimiz davomiy bo‘lishiga umid qilamiz.

Kecha forumda Prezidentingizning nutqini diqqat bilan eshitdim. Nutqni investorlar alohida qo‘llab-quvvatladi. Ular taklif etilayotgan imkoniyatlarni ma’qullamoqda. Ya’ni taqdim etilayotgan imtiyozlar salmog‘i investorlarga motivatsiya bo‘lmoqda.

 

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA