Shu kunlarda mamlakatimizda Belarus biatlon federatsiyasi prezidenti Andrian Sibulskiy boshchiligidagi delegatsiya mehmon bo‘lib turibdi.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida Belarus biatlon federatsiyasi vakillari bilan uchrashuvda sportning qishki va murakkab texnik turlarini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish, professional sportda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishda Belarus tajribasini o‘rganish borasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Mehmonlarga yurtimiz sportida amalga oshirilayotgan islohotlar, qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar, o‘tkazilayotgan o‘quv-mashg‘ulotlar tizimi, “Toshkent-2025” Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik xususida so‘zlab berildi.
Belarus biatlon federatsiyasi prezidenti Andrian Sibulskiy futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining qit’a kubogida erishayotgan natijalariga yuqori baho berib, biatlon sport turini ommalashtirish borasidagi istiqbolli loyihalar bilan o‘rtoqlashdi.
Muloqot davomida biatlon bo‘yicha Belarusda o‘tadigan ochiq turnirlarda o‘zbekistonlik sportchilarning ishtiroki, hamkorlikda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish, o‘zaro tajriba almashish borasida kelishuvlarga erishildi, deyiladi Milliy olimpiya qo‘mitasi xabarida.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, Belarus terma jamoasi biatlon bo‘yicha dunyoning yetakchi jamoalaridan biri sanaladi. O‘tgan qishki Olimpiya o‘yinlarida belaruslik sportchilar 4 ta oltin, 4 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan.
T. Ro‘ziyev, O‘zA