Qozog‘iston Respublikasi IIV sobiq rahbari Yerlan Turgumbayev qo‘lga olindi.

– 2022-yil yanvar voqealari bilan bog‘liq jinoiy ish bo‘yicha tergov davom etyapti, – deyilgan respublika bosh prokuraturasining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida tarqatilgan xabarda. – 29-aprel kuni og‘ir oqibatga olib keluvchi hokimiyat va mansab vakolatini suiiste’mol qilgani uchun ichki ishlar vazirligi sobiq rahbari Turgumbayev Ye.Z. hibsga olindi.

Jinoiy ishda davlat siriga tegishli ma’lumot mavjudligi bois, sudgacha tergov tafsiloti oshkor etilmaydi.

2022-yil 1-yanvar kuni Qozog‘istonda ommaviy norozilik boshlanib, mamlakat g‘arbida joylashgan Janaozen va Aktau shaharlarida aholi suyultirilgan gaz ikki barobar qimmatlashganiga qarshi chiqqan. Keyinroq namoyish boshqa shaharlarga, jumladan Olma-Otaga ham tarqaldi. Mamlakat bosh prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, tartibsizlik natijasida 230 kishi, jumladan 19 nafar tartib posboni halok bo‘lgan.