“Turkish Airlines” aviakompaniyasi joriy yilning 21-mayidan boshlab Istanbul va Kobul o‘rtasida aviaqatnovni qayta yo‘lga qo‘yadi, deb xabar tarqatdi Afg‘onistonning “Tolo News” telekanali. Xabarda aytilishicha, “Turkish Airlines” 2021-yil 14-avgustda Kobulga so‘nggi qatnovni uyushtirgan edi. Afg‘onistonda siyosiy vaziyat o‘zgarganidan keyin kompaniya mamlakatga parvozlarini to‘xtatib qo‘ygandi.

Aviakompaniyaning rasmiylari ma’lum qilishicha, samolyot qatnovlari haftasiga to‘rt marta amalga oshiriladi. Avvalroq “Tolo News” telekanali Afg‘onistonga “Flydubai” va “Air Arabia” kompaniyalari ham aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ygani haqida xabar tarqatgan edi.