“ABC News” nashri AQSH mulozimiga tayanib tarqatgan xabarga ko‘ra, o‘tgan tun Isroil Eron obyektlariga raketadan zarba bergan.

“Reuters” yozishicha, Eron ommaviy axborot vositalari Isfaxon shahri aeroporti hududida uch marta portlash qayd etilgani haqida yozdi. “Fars” agentligi ma’lumotida ushbu hodisa Harbiy havo kuchlarining havo qo‘nalg‘asiga yaqin joylashgan 8-chi bazasi yonida sodir etilgani aytilgan, havo hujumidan mudofaa tizimi ishga tushgani ham ta’kidlangan.

Hukumat Tehron, Isfaxon va Sheroz shaharlari osmonida parvozni taqiqlagan.

Eron mulozimlari mamlakatga qarshi uyushtirilgan hujumda raketadan foydalanilmagani, portlash ovozi Havo mudofaasi tizimi ishlab ketishi natijasida yuz berganini ma’lum qildi.

Blumberg” Isroil juma kuni AQSH hukumatini yaqin 24-48 soat oralig‘ida Eronga javob zarbasi berish rejalashtirilayotganidan xabardor qilgan.

CNN  telekanali Oq uy ma’muriyati vakiliga tayanib xabar berishicha, AQSH Isroilning Eronga javob zarbasini qo‘llab-quvvatlamagan.

Fox News” telekanali AQSH harbiy manbalariga tayanib, Isroilning Eronga zarbasi “cheklangan” tarzda amalga oshirilganini yozdi.

Eronga qaratilgan zarba manzili Isfaxon shahri yaqinidagi harbiy havo kuchlari bazasi bo‘lgan, EIR yadroviy obyektlari nishonga olinmagan, deya xabar tarqatdi “New York Times” gazetasi Eron manbasiga tayanib.

“Tasnim” agentligi yozishicha, Eron markaziy Isfaxon viloyatidagi yadroviy obyektlar xavfsizligi to‘liq ta’minlangan. Ta’kidlanishicha, qator xorijiy OAV ushbu obyektlarga zarar keltirilgani haqida tarqatgan xabarlar haqiqatdan uzoq.

Ma’lumki, 14-aprel tunda Eron armiyasining saralangan bo‘linmasi hisoblangan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Isroil hududiga zarba yo‘lladi. Bu harakat Isroil Suriyadagi Eron konsulxonasi binosini raketa yog‘dirib vayron qilganiga javob sifatida amalga oshirildi. Eron Isroilga hujum qilishda, turli ma’lumotlarga ko‘ra, bir necha yuz raketa va drondan foydalangan. Xususan, Isroil hududiga “Shahed” kamikadze dronlari, “Fattoh” va “Fattoh-2” giper tovushli raketalari bilan zarba berilgan. Eronning davlatga qarashli “Press TV” telekanali giper tovushli raketalarning barchasi nishonga yetib borgani haqida axborot berdi.

Isroil armiyasi tarqatgan ma’lumotda keltirilishicha, Eron jami 300 dan ortiq raketa va uchuvchisiz uchar qurilma, jumladan 170 dron, 30 qanotli raketa va 120 dan ziyod ballistik raketa uchirgan bo‘lsa-da, faqat “bir nechtagina raketa mamlakat hududiga yetib borgan va “arzimagan zarar” keltirgan.

S.Rahimov, O‘zA