FOTOREPORTAJ

Farg‘ona olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida belbog‘li kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempionati musobaqalari o‘tkazildi. Bahslarda Toshkent shahri, viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan polvonlar ishtirok etdi.

Musobaqa avvalida tashkil etilgan tantanali ochilish marosimda so‘z olganlar keyingi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan milliy sport turlarini rivojlantirish, sportchilar uchun munosib sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yurtimiz polvonlarining xalqaro maydonlarda yuqori natijalarni qayd etishiga zamin bo‘layotganini ta’kidladi.

Tadbir doirasida sportni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan faxriylar va hamkorlarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. Sport darajasini bajargan bir guruh polvonlarga sport ustasi unvonlari berildi.

Ikki kun davom etgan musobaqaning belbog‘li yo‘nalishida 9 ta vaznda erkaklar, 7 ta vaznda ayollar ishtirok etgan bo‘lsa, erkin yo‘nalishida 9 ta vazn toifasida yigitlarning mahoratiga baho berildi. Ayniqsa, Toshkent shahri, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi sportchilarining faol harakatlari mutaxassislarda e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Yakunda o‘z vazn toifasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan sportchilar viloyat sport boshqarmasi va viloyati belbog‘li kurash federatsiyasi tomonidan diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA