O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Xalqimizning ma’naviy saviyasini oshirish, yosh avlodni yuksak insoniy g‘oyalar, ona Vatanga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida kamol toptirishda musiqa san’atining o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

Mana shunday muhim vazifani ado etish borasida O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi faoliyatida zamon talablaridan orqada qolish, ijodiy sustkashlik, tashabbuskorlikning yetishmasligi kabi holatlar kuzatilmoqda. Uyushmaning moliyaviy ahvoli va moddiy-texnik bazasi bilan bog‘liq muammolar ham uning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Boy musiqa merosimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan ijodiy tashkilot va jamoalar, kompozitor va bastakorlar, xonanda va sozandalar, yosh ijrochilar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning iste’dod va mahoratini ro‘yobga chiqarish, zarur moddiy va ma’naviy yordam berish, soha vakillari o‘rtasida samarali ijodiy muhit tashkil etish bo‘yicha ko‘pgina muhim vazifalar o‘z yechimini kutmoqda.

Yuqorida qayd etilgan dolzarb muammolarni hal qilish hamda O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi faoliyatini tubdan takomillashtirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi faollar kengashining O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasini O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi sifatida qayta tashkil qilish haqidagi qarori ma’qullansin.

2. Quyidagilar O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining (keyingi o‘rinlarda – Uyushma deb yuritiladi) asosiy vazifalari etib belgilangani ma’lumot uchun qabul qilinsin:

xalqimizning estetik talab va ehtiyojlarini har tomonlama hisobga olgan holda, zamonaviy ruhdagi badiiy yuksak asarlar yaratish, katta musiqiy asarlar, jumladan, opera, simfoniya, konsert va oratoriya kabi mumtoz janrlar rivojiga alohida e’tibor qaratish;

yosh kompozitorlar, bastakorlar va musiqashunoslar, barcha ijrochilarning ijod bilan samarali shug‘ullanishlari uchun imkoniyat va sharoitlarni kengaytirish;

mamlakatimizning madaniy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etish, davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, ijodiy uyushmalar va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda musiqa san’ati sohasida ijod qilayotgan barcha ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, musiqiy ta’lim-tarbiya sohasini takomillashtirish, mumtoz va zamonaviy musiqa san’atini targ‘ib qilish jarayonlarida faol ishtirok etish;

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan ijodiy hamkorlikni kuchaytirish, turli ijodiy tanlovlar o‘tkazish, bastakorlar ijodini rag‘batlantirishga qaratilgan konsertlar, festivallar, ijodiy kechalar va boshqa madaniy-ma’rifiy, ommaviy tadbirlarni tashkil etish;

xalqaro madaniy va musiqiy hamkorlik doirasini kengaytirish, yosh kompozitor, bastakor va musiqashunoslarni zamon talablari darajasida tayyorlash, chet davlatlardagi taniqli kompozitorlar va musiqashunoslar bilan o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish;

O‘zbekiston davlat konservatoriyasida soha vakillari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish;

Nizom talablari asosida Uyushma a’zolari safini yosh iste’dodli kompozitor va bastakorlar, musiqashunoslar bilan to‘ldirib borish.

3. Quyidagilar:

O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpog‘iston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq ma’qullansin.

4. Uyushma va uning hududiy bo‘limlarining faoliyati bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash, shuningdek, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish manbai etib O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi (keyingi o‘rinlarda – Fond deb yuritiladi) mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.

Bu borada Uyushma va uning hududiy bo‘limlari xodimlari mehnatiga haq to‘lash xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan Fondga ajratiladigan byudjet mablag‘lari (subsidiya) hisobidan qoplanishi nazarda tutilsin.

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Uyushma hududiy bo‘limlarining aniq manzillar bo‘yicha joylashtirilishini ta’minlasin.

6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Uyushma a’zosi bo‘lgan faol kompozitor va bastakorlar, musiqashunoslarni imtiyozli ipoteka kreditlari asosida arzon uy-joy yoki yer uchastkalari bilan ta’minlash bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rsin.

7. “Asakabank” aksiyadorlik tijorat bankining O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining “Do‘stlar klubi”ga rahbarlik qilish yuzasidan bildirgan tashabbusi ma’qullansin. “Asakabank” aksiyadorlik tijorat bankining O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi bilan birgalikda Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Yahyo G‘ulomov ko‘chasi, 69-uyda joylashgan Uyushma binosini ta’mirlash, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha atoqli namoyandalarining elektron arxivini va maxsus fonoteka, ovoz yozish studiyasi hamda “Musiqa ijodkorlari” muzeyini tashkil etishda homiylik yordami ko‘rsatish haqidagi taklifi qo‘llab-quvvatlansin.

8. Uyushma o‘z faoliyatini takomillashtirish maqsadida dunyodagi rivojlangan davlatlarning musiqa san’ati sohasidagi ijodiy uyushmalari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, jumladan, xalqaro tashkilotlarning grantlarini jalb etish choralari belgilangani ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Uyushma tavsiyasi bilan uning faol a’zolarini xorij davlatlariga malaka va tajriba almashish uchun Fond hisobidan xizmat safarlariga yuborish tizimi yo‘lga qo‘yilsin.

9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                     Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 15-avgust

* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 
“O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi 
faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga
SHARH

Bugungi kunda xalqimizning madaniy saviyasini oshirish, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlodni yuksak insoniy g‘oyalar, ona Vatanimizga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida kamol toptirishda musiqa san’atining o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

Ana shunday ezgu vazifalarni amalga oshirishda musiqa san’ati namoyandalarining professional tashkiloti – O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi alohida o‘rin tutadi. 1938-yilda tashkil etilgan, katta faoliyat tajribasiga ega bo‘lgan mazkur Uyushma xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida milliy va jahon musiqa san’atining mumtoz namunalarini targ‘ib etish, ularning badiiy-estetik didi va madaniyatini oshirish, mamlakatimiz bastakorlari va kompozitorlarining professional faoliyati, yashash sharoiti bilan bog‘liq dolzarb masalalarni samarali hal etish, ularni yangi, badiiy yetuk asarlar yaratishga ruhlantirish bo‘yicha g‘oyat ko‘p qirrali faoliyati bilan milliy madaniyatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Uyushma tomonidan keyingi paytda o‘tkazilgan xalqaro simfonik musiqa festivali, “Kuz navolari” xalqaro musiqa festivali, “Davr sadolari” musiqa anjumani hamda Nazira Ahmedova nomidagi xalqaro va respublika xonandalar tanlovlari kabi ko‘plab tadbirlar yurtimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim voqealar bo‘ldi. Mamlakatimiz miqyosida o‘tkazib kelinayotgan bayram va tantanalar, davlat tadbirlari, adabiy-badiiy kechalar va uchrashuvlar Uyushma a’zolari – taniqli sozanda va xonandalar, bastakor va kompozitorlar ishtiroki bilan yanada mazmunli va fayzli o‘tishini el-yurtimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi faoliyatining tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, bu nufuzli ijodiy tuzilma barcha sohalardagi islohotlarimiz yangi bosqichga ko‘tarilayotgan hozirgi taraqqiyotimiz talablaridan keyingi paytda bir muncha ortda qolmoqda. Uyushma faoliyatida sustkashlik, tashabbuskorlikning yetishmasligi kabi holatlar kuzatilmoqda, boshqaruv apparatining moliyaviy ahvoli va moddiy-texnik bazasi bilan bog‘liq muammolar ham uning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 3-avgustda O‘zbekiston ijodkor ziyolilari bilan bo‘lgan uchrashuvda so‘zlagan ma’ruzasida madaniyat, adabiyot va san’at sohasidagi boshqa masalalar qatori ana shu kamchiliklarga ham alohida e’tibor qaratilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha muhim taklif va tashabbuslar ilgari surilgan edi. Davlatimiz rahbari tomonidan ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror imzolandi.

Qarorga muvofiq avvalo O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi faollar kengashi tomonidan bildirilgan taklif asosida Uyushma O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi etib o‘zgartirilgan va uning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Xususan, xalqimizning estetik talab va ehtiyojlarini har tomonlama hisobga olib, zamonaviy ruhdagi badiiy yuksak asarlar yaratish, yosh kompozitor, bastakor va musiqashunoslar, barcha ijrochilarning ijod bilan samarali shug‘ullanishlari uchun imkoniyat va sharoitlarni kengaytirish, katta musiqiy asarlar, jumladan, opera, simfoniya, konsert va oratoriya kabi mumtoz janrlar rivojiga alohida e’tibor qaratish nazarda tutilgan.

Uyushma faoliyatida mamlakatimizning madaniy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, musiqiy ta’lim-tarbiya sohasini takomillashtirish, davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, ijodiy uyushmalar va boshqa tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari alohida o‘rin egallashi zarurligiga urg‘u berilgan.

Ayni paytda, qarorda xalqaro madaniy va musiqiy hamkorlik doirasini kengaytirish, yosh kompozitor, bastakor va musiqashunoslarning malakasi va mahoratini muntazam oshirib borish maqsadida chet davlatlardagi taniqli kompozitorlar va musiqashunoslar bilan o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, kompozitor va bastakorlar ijodini rag‘batlantirishga qaratilgan konsertlar, festivallar, ijodiy kechalar va boshqa madaniy-ma’rifiy, ommaviy tadbirlarni yuksak saviyada tashkil etish lozimligi ta’kidlab o‘tilgan.

Ijodiy uyushmalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan “Ilhom” jamoat fondi kompozitorlar, bastakorlar va musiqashunoslar uchun katta imkoniyatlar va imtiyozlar yaratadi.

Qarorning yana bir muhim jihati shundaki, unda Uyushma a’zolarining ijod qilishi, dam olishi va sog‘lig‘ini tiklashlari uchun keng sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga Uyushmaning hududiy bo‘limlarining aniq manzillar bo‘yicha joylashtirilishini ta’minlash hamda Uyushma a’zosi bo‘lgan faol kompozitor va bastakorlar, musiqashunoslarni imtiyozli ipoteka kreditlari asosida arzon uy-joylar bilan ta’minlash bo‘yicha tegishli vazifalar belgilangan.

Bundan tashqari, “Asakabank” aksiyadorlik tijorat bankining O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining “Do‘stlar klubi”ga rahbarlik qilish bo‘yicha bildirgan tashabbusi ma’qullanib, ushbu tashkilot bilan hamkorlikda Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Yahyo G‘ulomov ko‘chasi, 69-uyda joylashgan Uyushma binosini ta’mirlash, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, atoqli musiqa namoyandalarining elektron arxivi va maxsus fonoteka, ovoz yozish studiyasi hamda “Musiqa ijodkorlari” muzeyini tashkil etishda homiylik yordami ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan.

Qarorda kompozitor va bastakorlarimiz ijodini keng targ‘ib qilish, xorijiy mamlakatlardagi taniqli ijodkorlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro simfonik va respublika musiqa festivallarini o‘tkazish, yosh ijodkorlarni rag‘batlantirishni yo‘lga qo‘yish, bu borada musiqa san’atining turli janrlarida tanlovlar tashkil etib borilishiga alohida e’tibor qaratish zarurligi qayd etilgan.

Xulosa qilib aytganda, mazkur qaror O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi faoliyatini har tomonlama takomillashtirish, Uyushma a’zolarini qo‘llab-quvvatlash va yangi asarlar yaratishga ruhlantirishi bilan ahamiyatlidir.