Vaziyat qanday?, voqealar sharhi…
Kecha “Al Jazeera” nashri singari ko‘plab jahon ommaviy axborot vositalarida “Eron yakshanba kuni ertalab Isroilga qarshi hujum uyushtirishi mumkin” mazmunidagi axborot keng tarqaldi. Kanallar bu haqda o‘z nomini oshkor etmagan amerikalik mulozimning fikrlariga tayanib xabar bergan. Ko‘ribsizki, tezkor ma’lumot tong otmasdan turib, tasdig‘ini topdi.
CNN xabariga ko‘ra, Eron 14-aprelga o‘tar kechasi Isroilga yuzdan ortiq uchuvchisiz dron va o‘nlab raketalar uchirdi. Dastlab, dron hujumi haqida xabar berilgan edi, so‘ngra Eron qanotli raketalarni uchirgani ma’lum bo‘ldi. AQSH Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Edrien Uotsonning aytishicha, Vashington hujum “bir necha soat davom etishini” taxmin qilgan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu tunda xavfsizlik masalalari bo‘yicha shoshilinch yig‘ilish o‘tkazish uchun Bosh shtabga borgan. U, shuningdek, keng jamoatchilikka maxsus murojaat bilan chiqqan. Mamlakat ichki cheklovlar joriy qilayotgani ma’lum bo‘ldi. Isroildagi barcha ta’lim muassasalari yopilgan, 1000 kishidan ziyod odam qatnashuvchi yig‘ilishlar cheklangan.
Isroil bosh vaziri mudofaada ham, hujumda ham Eronga to‘g‘ridan to‘g‘ri qarshi turishga tayyor ekanini aytgan. Netanyahu fuqarolarga murojaatida mamlakat Eron hujumiga tayyor ekanligini va kerakli javob choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.
– Isroil so‘nggi yillarda va ayniqsa so‘nggi haftalarda Eron tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum ehtimoliga tayyorgarlik ko‘rmoqda, – degan bosh vazir o‘z murojaatida. – Bizning mudofaa kuchlarimiz jangovor shay holatda. Biz AQSHning Isroilni qo‘llab-quvvatlashini qadrlaymiz, shuningdek, Buyuk Britaniya, Fransiya va boshqa ko‘plab davlatlardan ham bizni qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun minnatdormiz.
Eng qizig‘i, ushbu voqea tufayli AQSH prezidenti Jo Bayden dam olish kunlarini qisqartirdi va Oq uyga qaytdi. Isroilning “Channel 12” telekanali mamlakat “Ben Gurion” aeroportini hujum tahdidi ostida tunda uch soatga yopishi haqida axborot e’lon qildi.
– Havo hujumidan mudofaa tizimlari to‘liq jangovor shay holatda, o‘nlab samolyotlar osmonda patrullik qilmoqda. Barcha cheklovlar dushanba kuni soat 23:00 ga qadar amal qiladi, vaziyatga qarab o‘zgartirish kiritilishi mumkin, – deya ma’lum qilgan SAXAL matbuot xizmati rahbari Daniel Xagariy.
Tunda Isroilga qo‘shni Iordaniya 14-aprel mahalliy vaqt bilan 00:00dan boshlab o‘z havo hududini to‘liq yopgan. Negaki, Eron hujum boshlagani aytilgandi. Aytgancha, Erondan tashqari Yaman, Suriya, Livan va Iroqdagi qurolli guruhlar ham Isroilga raketa va dronlar bilan hujum qilishni boshlagan.
Xabar berilishicha, havoda 200 dan ortiq turli xil dron va raketalar Isroil tomon harakatlangan. AQSH USS Duayt Eyzenxauer yadroviy aviatashuvchi kemasini Isroil tomon yo‘naltirdi.
Shundan so‘ng Isroil AQSHni Eronga zarba bermoqchiligi haqida ogohlantirdi. Ommaviy axborot vositalarida hatto Tehron markazida portlash ovozi eshitilgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. SAXAL Isroil tomon dronlar uchirilishiga javoban Livanning Hizbulloh guruhi pozitsiyalariga zarbalar berganini e’lon qilgan.
ABC News xabar berishicha, Isroil tomon Erondan, shuningdek, Iroq, Suriya, Livan hududlaridagi turli qurolli guruhlar tomonidan 400 tadan 500 tagacha dron va raketalar uchirilgan. Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak Eronning Isroilga hujumini “o‘ylanmagan harakat” deb atadi. Sunak, shuningdek, Buyuk Britaniya Isroil va mintaqaviy sheriklarini himoya qilishda davom etishini ta’kidladi.
Kiprda joylashgan Buyuk Britaniya qiruvchi samolyotlari esa Eron dronlarini tutib olish uchun havoga ko‘tarildi. Oq uy darhol Jo Bayden Isroil atrofidagi voqealar munosabati bilan milliy xavfsizlik yig‘ilishini o‘tkazishini ma’lum qildi.
CNN jahon tarixidagi eng yirik dronlar hujumi amalga oshirilayotgani bilan bog‘liq xabar berarkan, xaritada tasviri aks ettirilgan suratlar ulashgan. Qolaversa, Misr havo hujumidan mudofaa kuchlari Erondan Isroil tomon uchirilgan dron va raketalar haqidagi xabarlar fonida maksimal shay holatga keltirildi.
Saudiya Arabistoni Eron va Isroil o‘rtasidagi vaziyat keskinlashganidan xavotir bildirgan va tomonlarni vazminlik ko‘rsatishga chaqirgan. Shuningdek, AQSH, Germaniya, Kanada, Argentina, Fransiya, Avstriya, Chexiya va Yevropa Ittifoqi rasmiylari Eronning hujumini qoralagan va Isroilni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Isroil va Eronning BMTdagi doimiy vakillari…
Isroilning BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdan xalqaro tashkilotni Eronning hujumlariga e’tibor qaratishga chaqirdi.
– Eron BMT Nizomini buzdi, global tinchlik va xavfsizlikka tahdid solayotganini ko‘rsatdi, – deb yozgan Isroilning BMTdagi doimiy vakili o‘zining ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Ko‘p o‘tmay, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bayonot berdi. Bosh kotib o‘z bayonotida Eronning Isroilga hujumini qoralashini va uni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirishini bildirgan.
Shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashi Eronning Isroilga hujumi munosabati bilan 14-aprel kuni shoshilinch yig‘ilish o‘tkazilishini belgiladi.
Eronning tashkilotdagi doimiy missiyasi ham BMT bosh kotibiga maktub yo‘lladi.
Tehronga ko‘ra, BMT Xavfsizlik Kengashi tinchlikni saqlash bo‘yicha o‘z mas’uliyatini bajarmagan va Isroilga xalqaro huquqning asosiy tamoyillarini buzishga ruxsat bergan.
– Eron mintaqada keskinlik yoki mojaroga intilmayapti, biroq Isroil harbiy tajovuz qilgan taqdirda Tehron yanada kuchliroq va qat’iyroq javob qaytaradi, – deyiladi Eron doimiy vakolatxonasining BMT bosh kotibiga yo‘llagan maktubida.
Biroz vaqt o‘tgach, Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari general Bag‘iriy Isroilga qarshi operatsiya yakunlanganini ma’lum qildi. General Eron uni davom ettirishni rejalashtirmayapti, degan gapni aytgan.
Behruz Xudoyberdiyev,
O‘zA muxbiri