Bayram savdo yarmarkasi
Ellikqal’a tumani hokimligi tashabbusi bilan arzonlashtirilgan savdo yarmarkasi tashkil etildi.
Muborak Ramazon hayiti munosabati bilan tuman dehqon bozorida tashkil etilgan yarmarka aholiga qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini arzon baholarda sotib olish imkonini yaratdi. Savdo rastalarini asosiy turdagi oziq-ovqat hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida ta’minotchi korxonalar, agrofirma va fermer xo‘jaliklari mas’ul etib belgilangan.
Bu kabi tashabbuslar bozorda narxlarning sun’iy va asossiz ravishda oshirilishining oldini oladi.
“Konstitutsiyamiz – baxtimiz” mavzusida ochiq dars
Beruniy tumanidagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-yilligiga bag‘ishlangan “Konstitutsiyamiz – baxtimiz” mavzusida ochiq dars o‘tkazildi.
Dars jarayonida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi mohiyatini ochib berishga, o‘quvchilarning xuquqiy savodxonligi va faolligini oshirishga qaratilgan intellektual musobaqaga, savol-javoblar orqali ularni qonunlarni bilish, hurmat qilish ruhida tarbiyalashga katta e’tibor qaratildi. Jumladan, o‘quvchilar shoirlar ijodidan namunalar aytishdi, ular chizgan rasmlarda Qoraqalpog‘iston tarixi aks ettirildi.
Konstitutsiyadagi yashash, bilim olish, so‘z erkinligi, kasb tanlash, ma’naviy va madaniy merosni asrab-avaylash to‘g‘risidagi moddalarning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Qonliko‘lda “Sirdaryo do‘stlik bog‘i”
Qonliko‘l tumani “Navro‘z” ovul fuqarolar yig‘ini hududida 3 gektar maydonda “Sirdaryo do‘stlik bog‘i” yaratildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari V.Ubaydullayev, tuman hokimi B.Sultanov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni ko‘paytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirildi. Hozir barcha hududlarda daraxt ekish, yangidan bog‘ yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Hamkorlikda barpo etilgan bog‘ Sirdaryo viloyati hamda Qonliko‘l tumani o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga, hududni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri