Bugun mamlakatimizning barcha hududlari singari Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 64 ta jome masjidida muborak Ramazon hayiti namozi o‘qildi.
Nukus shahridagi “Imom eshon Muhammad” jome masjidida hayit namozi oldidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi T.Romanov barchani bayram bilan qutlab, davlatimiz rahbarining hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisining xalqimizga Ramazon hayiti tabrigini o‘qib eshittirdi.
Ta’kidlanganidek, muqaddas dinimiz buyurgan ibodat va amallarni muborak Ramazon oyida chin dildan, ixlos bilan ado etgan yurtdoshlarimiz hayit ayyomini katta shod-u hurramlik bilan kutib oldi. Prezidentimizning “Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham keng ko‘lamli ishlar olib borildi.
Fuqarolarning masjidlarga xavfsiz kelib-ketishlari uchun joylarda barcha shart-sharoit yaratildi. Hayit namoziga yig‘ilganlar ushbu qutlug‘ va muqaddas bayram bilan qutlanib, tinch va osuda yurtda yashayotganimiz, xotirjam ibodatlar qilayotganimiz uchun yaratganga shukronalar aytdi. Hayit namozidan so‘ng jannatmakon yurtimizga tinchlik-omonlik so‘rab, xalqimiz farovonligi, yoshlarimiz baxt-u iqbolini tilab, duolar qilindi.
Joylarda Ramazon hayiti munosabati bilan ulamolar, imom-xatiblar, faxriylar, mahalla oqsoqollari va faollari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bayram munosabati bilan joylarda saxovat tadbirlari doirasida kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga moddiy va ma’naviy yordamlar ko‘rsatilmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.